Innovatsion loyihalar aholi manfaatiga xizmat qilmoqda
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasi Nukus filiali tomonidan manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda fermer xo‘jaliklariga quyosh paneli orqali elektr energiyasi bilan ta’minlangan sug‘orish tizimining ishga tushirish borasida keng ko‘lamli innovatsion loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyihalarning maqsadi Orolbo‘yi hududida suv tanqisligi va elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga innovatsion yechim topish, qishloq xo‘jaligi yerlarining meliorativ holatini yaxshilash, sohaga zamonaviy va ekologik toza texnologiyalarni joriy etishdir. Shuningdek, Orolbo‘yi hududining iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sharoitida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish orqali elektr energiyasi xarajatlarining kamayishiga erishish, hosildorlikni oshirish, fermer xo‘jaligining iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat.
Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda 70 ming AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘i hisobidan Kegeyli tumanida “Bөrili oy” fermer xo‘jaligining kollektor suvlarini qayta tozalash va muqobil energiyadan foydalangan holda suvni chuchuklashtirish orqali suv bilan ta’minlash, 5 gektar maydonda poliz va meva yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.
Fermer xo‘jaligining 1 gektar yeriga mahalliy iqlimga mos mevali daraxtlar ekilib, ularning samaradorligini oshirish uchun barcha agrotexnik tadbirlar amalga oshirildi. Odatda, suv tanqisligi tufayli yerning unumdorligi pasayadi. Quyosh panellari quvvatida ishlaydigan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi suvni tejaydi va muntazam ravishda yetkazib, hosildorlikning yaxshilanishiga yordam beradi. Loyiha doirasida, fermer xo‘jaligiga o‘tgan yili 15 kvt quyosh paneli orqali ishlaydigan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi o‘rnatildi. Shuningdek, ushbu loyiha doirasida intensiv usulda artemiya va baliqchilik havzasi qurib bitkazildi. Ushbu hovuzda zamonaviy texnologiyalar yordamida baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yilib, artemiya lichinkalari baliqlar uchun ozuqa bo‘ladi.

Suv tanqisligi davrida bunday yirik loyihaning eng chekka qishloq hududlarida amalga oshirilishi yer unumdorligini oshirish bilan birga, yangi ish o‘rinlari ochilishiga imkon yaratdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasi Nukus filiali ko‘magida amalga oshirilgan ushbu tashabbus ekologik toza mahsulot yetishtirishga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, Kegeyli tumanidagi “Jaңabazar” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Orzu” fermer xo‘jaligida “yashil energiya” loyihasi amalga oshirildi. Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasi Nukus filiali tomonidan fermer xo‘jaligiga 50 kilovatt quvvatga ega bo‘lgan zamonaviy quyosh paneli o‘rnatib berildi. Natijada quyosh paneli orqali elektr energiyasi bilan ta’minlangan sug‘orish tizimining ishga tushirilishi 175 gektar maydonni sug‘orish imkonini yaratdi.

Fermer xo‘jaligi rahbari Palzada Saliyevaning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda suv tanqisligi muammosi tufayli fermer xo‘jaligidagi ekin maydonlarining aksariyati ekinbop holatdan chiqib ketdi va bu yerlarning unumdorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. O‘tgan yili suv tanqisligi tufayli paxta va bug‘doyning hosildorligi ancha past bo‘ldi. Endi esa quyosh energiyasi asosida ishlaydigan tizim orqali nasoslar doimiy ishlab turibdi. Quyosh paneli orqali sug‘orish imkoniyati nafaqat fermer xo‘jaligi uchun, balki hududdagi 33 ta xonadonning tomorqalarini sug‘orish uchun ham xizmat qilmoqda. Bugun yerlarning meliorativ holati ham yaxshilanmoqda. Eng muhimi, fermerlar uchun ishonch va kelajakka umid paydo bo‘ldi.
“Qoraqalpoq yo‘l ko‘kalamzorlashtirish” davlat tashkilotiga qarashli umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘yida ekilgan ko‘chatlarni saqlab qolish, ya’ni, oqar suv yetib bormaydigan yer maydonlariga suv tejovchi sug‘orish tizimini o‘rnatish maqsadida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasi Nukus filiali tomonidan amaliy yordam ko‘rsatildi.

Kegeyli tumani hududidan o‘tuvchi D234 (4R176) “Nukus-Chimboy-Taxtako‘pir” avtomobil yo‘li bo‘yiga diametri 110 mm.lik 3000 metr, Xo‘jayli tumani hududidan o‘tuvchi A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘li bo‘yiga diametri 200 mm.lik 1603 metr polietilen quvurlar yetkazildi.
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasi Nukus filiali tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar hududning ekologik holatini yaxshilash, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini qo‘llab-quvvatlash, aholini arzon va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, eng asosiysi, fuqarolarimizning bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri