Innovatsion ishlanmalar va amaliyot
Hech bir soha rivojini bugun ilm-fan yutuqlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlashda iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ishlab chiqarishga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega.
Hech bir soha rivojini bugun ilm-fan yutuqlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlashda iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ishlab chiqarishga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega.Mamlakatimiz olim va tadqiqotchilari tomonidan yaratilayotgan turli ishlanmalar, innovatsion g‘oyalar amaliyotga tatbiq etilayotgani yuksak samaralar bermoqda. Bunda Prezidentimizning 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.
Farg‘ona viloyatida ilmiy ishlanmalarni rag‘batlantirish va amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyat hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda fanning ustuvor yo‘nalishlarida olib borayotgan ilmiy izlanishlar samarasida 2012-2014-yillarda 2 ilmiy-amaliy va 6 ilmiy- innovatsion loyiha amalga oshirildi. Oliy ta’lim maskanlarida fanning ustuvor yo‘nalishlarida ilmiy izlanishlar olib borilayotir. Farg‘ona politexnika instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari ham viloyat hamda mamlakat miqyosida har yili o‘tkazib kelinayotgan innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida o‘z ishlanmalari bilan muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda. Bu yerda quyosh energiyasidan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari e’tiborga loyiq.
“Yuqori energiya samaradorligiga ega quyoshli suv kollektorlarini tadqiq etish va optimal quyoshli isitish tizimini yaratish” loyihasi bo‘yicha yuqori energiyaga ega quyoshli suv kollektorlarining energetik samaradorligi prinsiplarini aniqlash uchun analitik formulalar yaratildi.
Izchil olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida quyoshli suv kollektorlarining yon devorida gidrodinamik chegaraviy qatlamlar nazariyasi asosida fizik va gidrodinamik modellar yaratilgan va shu asosda kanalning kesim yuzasi bo‘yicha o‘rtacha suv harorati aniqlanadi.
“Issiq suv bilan ta’minlovchi oddiy va arzon ro‘zg‘orbop quyosh suv isitgichlarini uzluksiz ishlab chiqarishni tashkil qilish” loyihasi bo‘yicha yaratilgan konstruksiyaga kerakli texnologik murakkablikni soddalashtiruvchi o‘rgartishlar kiritildi. Texnik topshiriq va texnik loyiha, “Matlab” dasturi asosida quyosh suv isitgichini hisoblash va texnik loyihalash dasturi tayyorlandi. Institut qoshidagi “Novator” unitar ishlab chiqarish korxonasida alohida xo‘jaliklarni hech qanday organik yoqilg‘isiz issiq suv bilan ta’minlaydigan oddiy va arzon ro‘zg‘orbop quyosh suv isitgichini uzluksiz ishlab chiqarishni tashkil qilish ishlari boshlab yuborildi.
– 2013-yildan buyon noan’anaviy energiya manbalarini yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib bormoqdamiz, – deydi Farg‘ona politexnika institutining energetika fakulteti dekani Elmurod Yunusaliyev. – Tajribali olimlarimiz va yosh tadqiqotchilarimizning hamkorlikdagi izlanishlari yaxshi samara bermoqda. Energiya tejamkor yoritish vositalari institutimizning asbobsozlik va nazorat-o‘lchov asboblari ilmiy laboratoriyasida ishlab chiqarildi. Bu tejamkor yoritgichlar avtomatik tarzda inson harakatiga monand yonib o‘chadi, ya’ni yaqinlashsa yonadi, uzoqlashsa o‘zi o‘chadi. Tejamkor yoritgichlarning tajriba nusxalarini institut asosiy binosining birinchi qavatiga, Farg‘ona shahridagi Sayilgoh ko‘chasi, 14-uy va Farg‘ona ko‘chasidagi 60-uy podyezdlariga o‘rnatildi. Yil oxiriga qadar laboratoriyamizda 200 dona shunday tejamkor yoritish moslamasi yaratiladi.
E’tiborli jihati, keyingi yillarda institutda yoshlarning innovatsion ishlanmalarga bo‘lgan qiziqishi tobora ortmoqda. Katta ilmiy xodim Umidjon Rustamovning "Fotoelektrik batareya, shamol generatori va mikro- GESdan iborat kombinatsiyalashgan avtonom energetik qurilmalarni yaratish va tadqiq qilish” mavzusi doirasida bajarayotgan ilmiy ishlanmalari mutaxassislar tomonidan yuqori baholanmoqda.
Farg‘onada bo‘lib o‘tgan VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar hududiy yarmarkasida u o‘zining “Suv orqali elektr ishlab chiqarish generatori” loyihasini namoyish etib, “Kanidaxon joni baraka” oilaviy korxonasi bilan 30 million so‘mlik shartnoma tuzdi. Yosh olimning fotobatareyali quyosh qurilmasi, shamol generatori va mikroGESi ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Sayyoramizda ro‘y berayotgan global ekologik muammolarning inson salomatligi va atrof-muhitga salbiy ta’sirining oldini olishda quyosh energetikasini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega, – deydi U.Rustamov. – Men ilgari surayotgan ishlanmalarni amalga oshirish uchun mamlakatimizda barcha sharoit mavjud. Masalan, shamol generatori ehtiyot qismlarini Farg‘ona yo Qo‘qon mexanika zavodida tayyorlash mumkin. Bu uskuna turli tarmoqlarda foydalanish imkoniyatini kengaytiradi.
Qisqacha aytganda, butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Farg‘ona viloyatida ham olimlarning innovatsion ishlanmalari amaliyotga, ya’ni ishlab chiqarishga keng tatbiq etilmoqda va ijobiy samaralar bermoqda.