Inklyuziv ta’lim istiqbollari
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazida inklyuziv ta’lim istiqbollariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazida inklyuziv ta’lim istiqbollariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.Mamlakatimiz hamda Yevropa Ittifoqi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim” loyihasi doirasida tashkil etilgan mazkur tadbirda deputatlar, turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, pedagoglar, psixologlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi direktori V.Alimova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularga puxta bilim berish, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida kamol toptirish, o‘z qiziqishi va qobiliyatiga mos tarzda kasb-hunar egallashini ta’minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
«Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunlarning hayotga izchil tatbiq etilayotgani natijasida imkoniyati turlicha bo‘lgan bolalarning ta’lim olishi, ularning o‘qishning keyingi bosqichlariga to‘liq jalb etilishi, muayyan mutaxassislikka ega bo‘lishi uchun zarur huquqiy asoslar yaratilgan.
Ta’lim sohasidagi islohotlar samarasida yurtimizda inklyuziv ta’lim – jismoniy, aqliy, lingvistik va boshqa xususiyatlaridan qat’i nazar, barcha bolalarning umumiy o‘rta ta’lim maktablarida birgalikda bilim olishi yo‘lida muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yevropa Ittifoqi ko‘magida joriy yildan amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim» loyihasi doirasida mamlakatimizning turli hududlarida inklyuziv ta’limni rivojlantirish, bir qator maktablarda o‘qitishning mazkur yo‘nalishiga oid resurs markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bu borada ota-onalar bilan tushuntirish ishlarini olib borish, o‘quv-uslubiy, ma’rifiy materiallarni chop etish, pedagog kadrlarning malaka va tajribasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar bajarilmoqda.
– O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni yanada rivojlantirish uchun zarur barcha huquqiy, tashkiliy-texnik, moliyaviy, ma’naviy-ma’rifiy asoslar yaratilgan, – deydi mazkur loyiha rahbari Yurgen Bekker (Avstriya). – Bu istiqbolda jismoniy, aqliy imkoniyatlari turlicha bo‘lgan bolalarning birgalikda ta’lim olishi, huquq va manfaatlari ta’minlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Seminarda inklyuziv ta’limga oid kelgusidagi amaliy chora-tadbir va rejalar belgilab olindi.