Ingliz tilining “maestro”laridan biri O‘zbekistonda
O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi ochiqlik siyosati, xususan mamlakatimiz dunyo hamjamiyatiga faol qo‘shilayotgani, barcha sohalarda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga intilayotgani xorijiy tillarni o‘rganishga ehtiyojni oshirmoqda. Shu bois hukumatimiz tomonidan yoshlarni chet tillarni o‘zlashtirishga rag‘batlantirish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Kuni kecha Abdulla Avloniy nomidagi milliy tadqiqot instituti va “Yangi O‘zbekiston” universiteti hamkorligida “Ingliz tilini o‘qitishning ta’lim sohasida tutgan o‘rni va istiqbol” mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi.
Markaziy Osiyo universitetlari forumi doirasida tashkil qilingan uchrashuvda “British Council” ingliz tili darsliklari yaratish tashkiloti direktori Maykl Konnoli ma’ruzasi tinglandi.
– Bunday anjumanlar ta’limning asl maqsadini anglatish va baholashda juda muhim, – deydi taniqli mutaxassis. – Ta’kidlash kerak, o‘qituvchilik qiyin kasb. Zero, u har doim o‘zidan ko‘ra ko‘proq o‘quvchiga, sinf xonasiga e’tibor qaratadi. Umuman, ba’zan bir qadam ortga chekinish va jamiyatdagi muammolar, jumladan keyingi o‘n yillikdagi til o‘rganish jarayoni, texnologiya kelajagi kabi mavzularda suhbat uyushtirish foydadan xoli emas.
Guvohi bo‘lyapmiz – O‘zbekiston haqiqatan tez va keskin o‘zgarmoqda. Toshkentni aylanib chiqib, buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Poytaxt o‘ta zamonaviy shaharga aylanmoqda. Qolaversa, biznes va ta’limda yangicha salohiyat shakllanmoqda. Diyoringizga yaqinda keldim. Shu qisqa vaqt ichida o‘zim duch kelgan har bir kishida, xoh davlat idorasi vakili, xoh muallim va yoki xoh oddiy xizmatchi bo‘lsin, o‘zgarish va taraqqiyotga chinakam ishtiyoq borligini sezdim.
Eng muhimi, men o‘zbekistonlik ustozlar bilan hammaslak, bir yo‘lda ekanimni his qilib turibman. O‘zbekiston kelajagi haqida ijobiy fikrdaman. Hozir Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston haqida butun dunyo gapiryapti. Yurtingiz Buyuk Britaniya ommaviy axborot vositalarida ko‘rganimdan-da tezroq rivojlanayotganiga amin bo‘ldim.
Men O‘zbekiston oliy ta’lim tizimiga oid kichik izlanish olib bordim. Respublika xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik ko‘lami bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turar ekan. O‘ylaymanki, bu mahalliy va transmilliy ta’limni uyg‘unlashtirish istiqboli uchun nihoyatda muhim.
Darvoqe, professor Konnoli ingliz tilini tez va mukammal o‘rgatish hamda yoshlar bilimini baholash bo‘yicha 50 dan ortiq davlat bilan hamkorlik qiladi. Shuningdek, u o‘z jamoasi bilan o‘qituvchilar malakasini oshirishga doir turli samarador loyihalarni ham yo‘lga qo‘ygan.
Musulmon Ziyo,
Doniyor Yoqubov (video),
O‘zA