Ingliz tili ta’limi takomillashmoqda
Bugungi kunda umumta’lim maktablarining 1-, 2-, 3-sinf o‘quvchilari davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari asosida angliyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Kid's English” darsligi asosida ingliz tilini o‘rganmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda ingliz tilini boshlang‘ich sinflardanoq o‘qitish keng yo‘lga qo‘yildi.Bugungi kunda umumta’lim maktablarining 1-, 2-, 3-sinf o‘quvchilari davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari asosida angliyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Kid's English” darsligi asosida ingliz tilini o‘rganmoqda.
Bu qanday samaralar bermoqda? 4-sinflar uchun yaratilishi ko‘zda tutilayotgan ingliz tili darsligi qaysi talablarga javob berishi kerak? O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Britaniya kengashining mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazida tashkil etilgan davra suhbatida shu haqda so‘z bordi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, Chet tillarini o‘qitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazi, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlari xodimlari, ingliz tili fani o‘qituvchilari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov, Britaniya kengashining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari M.Krossi va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida yoshlarning o‘zlari tanlagan sohalar bo‘yicha puxta bilim va professional ko‘nikmalarni egallashi bilan birga xorijiy tillarni chuqur o‘rganishiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Joriy o‘quv yili arafasida 1-sinf o‘quvchilari uchun jami 641,3 ming chet tili darsligi, 2-sinflar uchun 591,9 ming, 3-sinflar uchun 593 ming darslik va mashq daftarlari, o‘qituvchilar uchun 62,6 ming nusxa metodik qo‘llanma va multimedia ilovalari chop etilib, maktablarga yetkazildi.
Muntazam o‘tkazilayotgan “Yilning eng yaxshi ingliz tili o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi, o‘quvchilar o‘rtasidagi “Ingliz tili bilimdonlari” intellektual musobaqasi, turli ko‘rik-tanlov va festivallar pedagoglar malakasini oshirish, ertamiz egalarining xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
– Ta’lim dargohimiz ingliz tili fani bo‘yicha mahorat va tajriba-sinov maktabi hisoblanadi, – deydi Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi 3-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Shahlo O‘runboyeva. – 1-sinf o‘quvchilari turli o‘yinlar yordamida ingliz tili olamiga olib kirilmoqda. 2-3-sinflarda she’r, qo‘shiq, interfaol mashg‘ulotlar asosida o‘quvchilarning ingliz tilidagi so‘zlarni yozish va to‘g‘ri talaffuz qilish mahorati shakllantirilmoqda. Maktabimiz “Kid's English” darsligi va uning multimedia ilovasi, elektron lug‘atlar, mustaqil ishlash uchun trenajyorlar, elektron test va mashqlar to‘plamlari, krossvordlar, konturli xaritalar va masofadan o‘qitish uchun mo‘ljallangan o‘quv materiallari va boshqa ta’lim resurslari bilan ta’minlangani bois tajriba-sinov muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Davra suhbatida boshlang‘ich sinflarda ingliz tilini o‘qitishni yanada takomillashtirish, bu borada samarali uslublar, pedagogik-psixologik yondashuvlar, o‘quvchilar bilimini baholash mezonlari, darsliklar va o‘quv materiallarining sifati, ulardan unumli foydalanish masalalari muhokama etildi.