Indoneziyada Imom Buxoriy nomidagi masjid ochildi
Joriy yil 9 aprel kuni muqaddas Ramazon oyi arafasida juma kuni Indoneziyaning Chianjur shahrida Imom Buxoriy nomidagi masjid ochildi. Masjid o‘zbek me’morchilik uslubida barpo etilgan.
Masjid Gunadarm universitetining arxitektura fakulteti professor va talabalari chizmalari asosida qurildi. Ular O‘zbekistondagi islom me’morchiligi an’analarini o‘rganish maqsadida 2020 yil mart oyida yurtimizga tashrif buyurishgan edi.
Avval xabar qilinganidek, xorijda O‘zbekistonning ijobiy imijini ilgari surish bo‘yicha keng ko‘lamli tadbirlar hamda ziyorat va ta’lim turizmi doirasida Jakartadagi O‘zbekiston elchixonasi Indoneziyaning Gunadarm universitetida tahsil olayotgan 200 nafar talaba uchun 2020 yil 4 martdan 18 martga qadar O‘zbekistonga tashrif uyushtirgan edi.


Ushbu o‘quv loyiha «Ipak yo‘li” xalqaro sayyohlik universiteti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Buxoro davlat universiteti hamda O‘zbekistonning boshqa tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Indoneziyalik professor va talabalar Buxoro, Samarqand va Toshkentning tarixiy me’morchiligini o‘rgandi. Tashrif yakunida O‘zbekistonning tarixiy binolarini qurish uslublarini Indoneziyaga joriy etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Bir yil o‘tib, butun dunyoda davom etayotgan koronavirus pandemiyasiga qaramay, o‘zbek milliy uslubidagi masjid to‘la qurib bitkazildi. Loyihani Gunadarm universiteti moliyalashtirdi.


Masjidning ochilish marosimida Indoneziyadagi mamlakatimiz elchixonasi xodimlari, Chiandjur gubernatori, Indoneziya jamoat arboblari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Qur’on tilovat qilindi va juma namozi o‘qildi.


Mamlakatimiz elchixonasi xodimlari yangi masjidni bezash uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Musulmonlar idorasi va O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazidan olingan Usmon Mushafi, Hazrati Imom va Imom Buxoriy majmualarining devoriy rasmlarini taqdim etishdi.
O‘zA