Imtiyozlar samarasi: o‘simlik yog‘ining narxi oshmaydi
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uning zaxiralarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida birlamchi ehtiyoj oziq-ovqat tovarlaridan o‘simlik yog‘i importiga imtiyozlar berildi. Hozirda import qilinayotgan o‘simlik yog‘i uchun bojxona to‘lovlari bekor qilingan. Bu esa o‘z navbatida o‘simlik yog‘i tanqisligi va uning narxi ko‘tarilishini oldini olishga xizmat qilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan ikki oyi davomida Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan jami 15 partiyadagi umumiy qiymati 1 million 680 ming dollarlik o‘simlik yog‘i import bojxona rejimiga rasmiylashtirildi. Mazkur tovarlar asosan Qozog‘iston va Rossiya davlatlaridan import qilindi. Amaldagi tartiblarga ko‘ra bojxona to‘lovlaridan 5,5 milliard so‘m imtiyozlar qo‘llanildi. Tadbirkorlar tomonidan boshqarmaning “Qirguli”, “Qo‘qon” va “Marg‘ilon” tashqi iqtisodiy faoliyati bojxona postlariga tovarlarni importga rasmiylashtirish bo‘yicha murojaat qilingan.
2021 yilda umumiy qiymati 18,7 million dollarlik 13,4 ming tonna o‘simlik yog‘i import qilingan. 245 ta partiyadagi tovarlar 15 nafar tadbirkorlar tomonidan Qozog‘iston, Turkiya va Rossiya davlatlaridan import qilingan. Import qilingan o‘simlik yog‘i tovarlariga jami 26 milliard so‘m bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar qo‘llanilgan.
Farg‘ona viloyatida faoliyat yuritayotgan “Avangard exim” mas’uliyati cheklangan jamiyati oziq-ovqat tovarlarining eksporti hamda importi bilan shug‘ullanadi. Uning asosiy faoliyat turlaridan biri bu Qozog‘iston Respublikasidan o‘simlik yog‘ini import qilish va aholini arzon va sifatli yog‘ mahsulotlari bilan ta’minlashdan iborat. Mazkur tadbirkor yog‘ mahsulotlarini importi bilan deyarli besh yildan buyon shug‘ullanib, viloyatda oziq-ovqat zaxiralarini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Tadbirkor tomonidan import qilinayotgan yog‘ mahsulotlari Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining “Qirguli” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti tomonidan tez va sifatli rasmiylashtirib kelinmoqda. Tadbirkor amaldagi tartiblarga rioya etgan holda faoliyat yuritayotganligi sababli hozirda xavf profillariga asosan “yashil” yo‘lakda faoliyat yuritmoqda.
–Bojxona nazorati va rasmiylashtiruv jarayonlarida bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlari to‘liq rioya etganligimiz sababli korxonamiz hozirda “yashil” yo‘lakda faoliyat olib bormoqda. Bu esa bizga yog‘ mahsulotlarini import qilishda rasmiylashtirish jarayonlarini tez va sifatli amalga oshirish imkonini bermoqda. Yog‘ mahsulotlari importiga berilayotgan imtiyozlar natijasida joriy yil davomida Qozog‘istondan import qilingan 250 tonnadan ziyod yog‘ mahsulotlarimizga bojxona to‘lovlaridan 650 million so‘mlik imtiyozlar qo‘llanildi. Buning natijasida yog‘ mahsulotlarining narxi oshishi va tanqisligining oldini olishga xizmat qilmoqda, – deydi tadbirkor Shuhrat Turdaliyev.
M.Sulaymonov, O‘zA