Import o‘rnini bosuvchi suv filtrlari ishlab chiqilmoqda
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 850 million so‘mga moliyalashtirilgan teskari osmos texnologiyasi asosida suv filtrlari ishlab chiqarish loyihasiga start berildi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, «Turon Komplekt» MCHJ Romitan innovatsion hududida import o‘rnini bosuvchi suv filtri ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Xitoy, Turkiya va Yevropa davlatlari texnologiyalari bilan sifat jihatidan raqobat qila oladigan mazkur qurilma xamyonbopligi bilan ajralib turadi.
Korxona tomonidan respublikamizning yirik sanoat korxonalariga suv filtri o‘rnatish barobarida zarur texnik xizmat ham ko‘rsatiladi. Suv tozalash uskunalari bozoridan mustahkam o‘rin egallay boshlagan teskari osmos tizimi maishiy xo‘jalik va ichimlik suvini tozalashga mo‘ljallangan bo‘lib, yer ostidagi hamda sho‘r suvni tozalaydi. 99 foizgacha zararli mineral, og‘ir metal, virus va bakteriyani yo‘qotadi.
Teskari osmos tizimi oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, kimyo, galvanika, mikroelektronika, farmakologiya sohalaridagi texnologik jarayon uchun suv tayyorlash (suvni tuzsizlantirish)da qo‘llanadi. Korxonada TK seriyali, soatiga 250 litr ishlab chiqarish quvvatiga, 30 tonna unumdorlik miqdoriga ega samaradorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Dastlabki filtrlash uchun 5 mkm va 1 mkm.li mexanik filtrdan foydalaniladi. Shu bilan birga har bir mijozning manba suvi tekshiruvi ko‘rsatkichidan kelib chiqib, bir necha bosqichli birlamchi tozalash tizimi ham o‘rnatiladi.
Har bir mijoz buyurtmasiga alohida yondashiladi. Manba suvining mexanik va kimyoviy tahlil natijasiga muvofiq, optimal konstruksiyadagi filtr taklif etiladi.
O‘zA