Imom-xatiblar faoliyati samaradorligi yanada ortadi
Andijonda imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan ikki kunlik respublika ilmiy-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, xususan, muftiy, shayx Nuriddin Xoliqnazarovning tashabbusi bilan tashkil etilgan seminarda O‘zbekiston musulmonlar idorasi mutasaddilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bosh imom-xatiblari, Andijon viloyatidagi jome masjidlar imom-xatiblari ishtirok etdi.


Dastlab seminar ishtirokchilari, mehmonlar Andijondagi “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasiga tashrif buyurib, o‘qitish jarayonlari, toliblarning yashash sharoitlari bilan tanishdi. Shuningdek, madrasa toliblari, ustozlari bilan suhbatda bo‘ldi. Faol va a’lochi talabalar, namunali ish olib borayotgan muallimlar rag‘batlantirildi.
Shundan so‘ng mehmonlar viloyatlar bosh imom-xatiblari boshchiligida guruhlarga bo‘lingan holda viloyatning tuman va shaharlariga chiqib, belgilangan savolnoma doirasida joylardagi masjidlar faoliyatini o‘rgandi, ilg‘or tajribalar bilan tanishdi, mavjud kamchiliklarni aniqlab, ularni bartaraf etish yuzasidan tavsiya va maslahatlar berdi.


Muftiy o‘rinbosarlari, vaqf fondi mas’ullari, viloyat bosh imom-xatiblari viloyatda so‘nggi yillarda barpo etilgan jome masjidlarida bo‘ldi. Shuningdek, Qo‘rg‘ontepa “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyiga, Andijon shahridagi keksa, yolg‘iz va nogironlar istiqomat qilayotgan Ijtimoiy himoya markaziga tashrif buyurdi, bolalar va keksalarga “Vaqf” fondining sovg‘a-salomlarini topshirishdi.
Seminarning ikkinchi kuni O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Andijon viloyati vakilligi idorasi majlislar zalida o‘tkazilgan asosiy tadbir Qur’on tilovati bilan boshlandi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, shayx Nuriddin Xoliqnazarov xazratlari so‘z olib, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda din ishlariga alohida e’tibor qaratilayotganligi, xususan, fuqarolarning emin-erkin ibodat qilishlari, musulmonlarning o‘z zimmalaridagi diniy arkonlarni bekamu ko‘st ado etishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilganligini ta’kidladi. Seminarning maqsad-mohiyati xususida to‘xtaldi.


– O‘tkazilayotgan amaliy seminarning asosiy maqsadi joylardagi islohotlar jarayonlari bilan yaqindan tanishish, o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or ish uslublarini o‘rganishdan iborat, – deydi shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari. – Pirovardida imom-domlalarimiz faoliyati hamda diniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bosh imom-xatiblarining o‘zlari chiqqan hududlar bo‘yicha o‘rganishlari yuzasidan xulosa, fikr va mulohazalari tinglandi.


– O‘rganish davomida Xo‘jaobod tumanidagi mavjud 7 ta jome masjidi faoliyati bilan tanishildi, – deydi Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrullo domla Abdullayev. – Barcha masjidlarda tegishli ish hujjatlari belgilangan tartibda yuritilmoqda, imom-xatiblar samarali faoliyat olib bormoqda ekan.
Shuningdek, o‘rganish davomida aholi vakillari bilan muloqotlar o‘tkazildi. Jumladan, yot g‘oyalar ta’siriga, ruhiy tushkunlikka tushib qolgan fuqarolar, ajrashish ostonasiga kelib qolgan yosh oila sohiblari bilan suhbatlar o‘tkazildi, ularga nasihat qilinib, zarur maslahatlar berildi. Bundan tashqari, 80 ga yaqin ehtiyojmand oilalarga homiylik yordamlari ko‘rsatildi.


Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov Buloqboshi tumanida mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilayotganligini, ayniqsa, tumanda imom-xatiblar, domlalar o‘rtasida “Ustoz-shogird” an’anasi namunali yo‘lga qo‘yilganligini alohida qayd etdi.
– Jalaquduq tumanidagi masjidlarda ham ishlar samarali olib borilmoqda, – deydi Jizzax viloyati bosh imom-xatibi Mehmonali domla Jabborov. – Ayniqsa, tumandagi Qilichmazor mahallasida joylashgan “Qutayba ibn muslim” ziyoratgohida olib borilayotgan qurilish, bunyodkorlik ishlarini alohida e’tirof etish o‘rinli. Dini islom rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ana shunday ulug‘ zot nomi bilan ataluvchi ziyoratgohni obod etish yosh avlod qalbida dinimizga, tariximizga hurmat tuyg‘ulari yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Seminarda viloyatning tuman, shaharlardagi 177 ta jome masjidida olib borilayotgan ishlar, o‘rganishlar yakunlari, shuningdek, imomlarning faoliyati atroflicha muhokama qilindi, fikrlar almashildi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Xulosalar, takliflardan kelib chiqib, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirish, ish hujjatlarini tartibli yuritish, joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlarning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishlarining oldini olish, targ‘ibot-tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish zarurligi alohida qayd etildi.
Muxtasar aytganda, respublika ilmiy-amaliy seminari ishtirokchilarga o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or ish uslublarini o‘rganish va ommalashtirish uchun keng imkoniyat maydoniga aylandi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari