“Imom Buxoriy xalqaro turizm festivali – 2026” ishtirokchilari Buxoroda
Joriy yilning 29-aprel – 5-may kunlari mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy turizmni rivojlantirish, islom sivilizatsiyasining boy merosini keng targ‘ib etish hamda xalqlar o‘rtasida madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadida “Imom Buxoriy xalqaro turizm festivali – 2026” yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Jahon so‘fiylari markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur nufuzli festival doirasida turli davlatlardan kelgan mehmonlar O‘zbekistonning tarixiy va muqaddas qadamjolari bilan yaqindan tanishmoqda.
Festival doirasida Buyuk Britaniya, AQSH, Bangladesh hamda boshqa qator davlatlardan 100 nafarga yaqin mehmonlar ko‘hna va boqiy Buxoroda bo‘ldi. Mehmonlar uchun viloyatning boy tarixiy-madaniy merosi, muqaddas ziyoratgohlari va betakror me’moriy obidalari bo‘ylab sayohat dasturlari tashkil etildi.

Tashrifning ilk kunida festival ishtirokchilari Buxoroning mashhur “Yetti Pir” ziyoratgohlari bo‘ylab ma’naviy sayohat qildi. Ziyorat yo‘nalishi tasavvuf ta’limoti rivojida beqiyos o‘rin tutgan buyuk allomalar qadamjolarini qamrab oldi. Xususan, ishtirokchilar Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohidan boshlab, Xoja Orif Revgariy, Xoja Mahmud Anjirfag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Bobo Samosiy, Xoja Sayyid Amir Kulol hamda buyuk mutasavvif Xoja Bahouddin Naqshband ziyoratgohlarida bo‘lib, ularning hayoti va ma’naviy merosi bilan tanishdi.

Mehmonlar ziyoratlar davomida nafaqat muqaddas maskanlarni ziyorat qildi, balki Buxoro zaminining ko‘p asrlik tarixi, tasavvuf maktabi an’analari va milliy qadriyatlari haqida ham batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Ayniqsa, “Yetti Pir” ziyoratgohi mehmonlarda katta taassurot qoldirib, Buxoroning islom olamidagi yuksak o‘rnini yana bir bor namoyon etdi.
Shuningdek, festival ishtirokchilari Buxoro shahrining tarixiy markazi bo‘ylab sayohat qilib, Ark qo‘rg‘oni, Poyi Kalon ansambli, Labi Hovuz majmuasi kabi noyob me’moriy yodgorliklar bilan yaqindan tanishdi. Ko‘hna shaharning betakror me’morchiligi, milliy muhiti va mehmondo‘stligi xorijlik sayyohlarda unutilmas taassurot uyg‘otdi.

Festival doirasidagi ziyorat va madaniy tadbirlar hozirda ham davom etmoqda. Bu esa xorijlik mehmonlarga O‘zbekistonning boy tarixi, ma’naviyati va milliy qadriyatlarini yanada yaqindan his etish imkonini bermoqda.
Zarif Komilov, O‘zA