Immun tizimi dushmanga aylanganda: oddiy belgilar ortidagi xavf (+video)
Organizm ichida ko‘zga ko‘rinmas jang kechmoqda. Charchoq, og‘riq yoki toshmalar – bu shunchaki kichik muammomi yoki immun tizimining o‘z tanasiga qarshi isyoni? Ba’zan himoyachimiz eng katta dushmanga aylanadi. Statistika bo‘yicha dunyo aholisining 400 millionga yaqin qismida autoimmun kasalligi uchraydi...
Inson organizmida biz ko‘rmaydigan, ammo har soniya ishlaydigan murakkab himoya tizimi mavjud. Uning vazifasi — organizmga kirgan virus, bakteriya va boshqa begona omillarni aniqlash va ularga qarshi kurashish.
Ammo ba’zan shu tizimning “nishoni” o‘zgarib qoladi. Himoya qilishi kerak bo‘lgan immun tizimi organizmning o‘z to‘qimalarini begona deb qabul qila boshlaydi. Va shundan keyin tananing ichida ko‘zga ko‘rinmaydigan kurash boshlanadi.
Bu holat autoimmun jarayon deb ataladi.
Eng murakkab tomoni esa shundaki, uning dastlabki belgilari ko‘pincha oddiy hayotdagi muammolarga o‘xshab ketadi. “Charchab qoldim”, “bo‘g‘imlarim ob-havodan og‘riyapti”, “terimda allergiya chiqdi”, “sochim ko‘proq to‘kilyapti” — bunday belgilarni ko‘pchilik jiddiy qabul qilmaydi.
Ammo ayrim hollarda organizm shu belgilar orqali bizga ancha jiddiy jarayon haqida signal berayotgan bo‘lishi mumkin.
Autoimmun kasalliklarning o‘ziga xos jihati — ular faqat bitta a’zoni emas, organizmning turli tizimlarini zararlashi mumkin.
Bo‘g‘imlar, teri, qalqonsimon bez, ichaklar, asab tizimi, buyraklar yoki boshqa a’zolar — qaysi joy nishonga aylanishiga qarab kasallikning ko‘rinishi ham o‘zgaradi.
Shu sababli ba’zi bemorlar uzoq vaqt davomida o‘zidagi belgilarni bir-biri bilan bog‘lamasligi mumkin.
Chunki immun tizimidagi o‘zgarishlar qancha vaqt nazoratsiz qolsa, organizmning zararlangan qismlarida qaytmas o‘zgarishlar yuzaga kelish xavfi ham ortishi mumkin.
Xo‘sh, immun tizimi nega o‘z organizmiga qarshi chiqadi?
Qaysi belgilarni odam oddiy charchoq yoki vaqtinchalik muammo deb qabul qilmasligi kerak?
Xo‘sh, autoimmun kasalliklar qanchalik xavfli?
Ularni butunlay davolash mumkinmi?
Va eng muhimi — bunday tashxis qo‘yilgan inson qanday qilib to‘laqonli hayot kechirishi mumkin?
Bugun aynan shu savollarga mutaxassis bilan birgalikda javob izlaymiz.
“Salomat bo‘ling” dasturida batafsil
Mohichehra Eshmirzayeva, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA