Imkoniyat va imtiyozlar samarasi
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratish, soha vakillarining erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyat va imtiyozlar berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratish, soha vakillarining erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyat va imtiyozlar berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Farg‘ona viloyatida tadbirkorlarning iqtisodiyot va aholi bandligini ta’minlashdagi hissasi yildan-yilga ortmoqda. Joriy yilning birinchi choragida viloyat yalpi hududiy mahsulotining 51 foizi, ish bilan band aholining 81,2 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelgani buni yaqqol tasdiqlaydi. Tijorat banklari tomonidan ajratilgan 251 milliard so‘mlikdan ortiq kredit mablag‘lari ham soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Keyingi yillarda qishloqlarda ham tadbirkorlik kengayib, o‘z mahsulotlari bilan ichki va tashqi bozorga kirib kelayotgan subyektlar soni ko‘paymoqda. Farg‘ona tumanidagi “Chimyonforum” mas’uliyati cheklangan jamiyati shunday korxonalardan biridir. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan yo‘lak hamda inshootlar qurilishida ishlatiladigan tabiiy plitalar sifati va zamonaviy dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
– Tadbirkor sifatida faoliyat boshlaganimizga 15-yildan oshdi, – deydi korxona rahbari Otashin Abdurahmonov. – Yashirishning hojati yo‘q, dastlab ishni tashkil etishda, keyinchalik ishlab chiqarishni yangilash va kengaytirishda ayrim sun’iy to‘siqlarni ham yengib o‘tishga to‘g‘ri keldi. “Holva degan bilan og‘iz chuchimas”, deydi xalqimiz. Aytaylik, sifatli mahsulot tayyorlash va uni xaridorga manzur qilish uchun zamonaviy texnologiya, zarur xomashyo, ishonchli sherik va albatta, yetarli miqdorda sarmoya kerak. Raqobat kuchayib borayotgan bir paytda tadbirkorlikni yuritish oson ish emas. Prezidentimiz rahnamoligida tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor, jumladan, davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni soha taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi.
Ayni paytda buyurtma asosida 50 dan ortiq turdagi sifatli tabiiy plitalar ishlab chiqarilayotgan korxonada 40 nafar yoshlar mehnat qilayotir. Binolarga o‘ziga xos sayqal beradigan bu mahsulotga ichki bozorda talab katta. Ayniqsa, zamonaviy massivlarda qad rostlayotgan namunaviy loyihalar asosidagi uylarga u yanada ko‘rk bag‘ishlamoqda. O‘tgan yili korxonada 1 milliard 295 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida 800 million so‘mlikdan ortiq mahsulot buyurtmachilarga yetkazib berildi.
Bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasidir.