Imkoniyat, imtiyoz va samara
Fargʻona viloyatidagi kichik sanoat zonalari va “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida koʻplab investitsiya loyihalari ishga tushirilib, minglab yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda.
Fargʻona viloyatidagi kichik sanoat zonalari va “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida koʻplab investitsiya loyihalari ishga tushirilib, minglab yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda.
Mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga xorijiy, avvalo, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, davlat mulki xususiylashtirilgan obyektlar bazasida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, viloyat, tuman va shaharlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida aniq vazifalar belgilangan. Xususan, erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish, yangilarini tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda Fargʻona viloyatida 16,3 gektar boʻlgan 14 kichik sanoat zonasi tashkil etilgan boʻlib, umumiy qiymati 810,3 milliard soʻmlik 94 loyiha amalga oshirilishi va 5700 dan ziyod yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan. Bu kichik sanoat zonalari joylardagi boʻsh turgan yoki foydalanilmayotgan bino-inshootlar negizida davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi sheriklik asosida barpo etilishi, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini taʼminlash, eksport salohiyatini oshirish, yangi ish oʻrinlarini yaratishda qoʻl kelmoqda. Ayni kunlarda 47 loyiha ishga tushirildi. Mazkur loyihalar asosida toʻqimachilik, kimyo, oziq-ovqat, elektrotexnika mahsulotlari, zamonaviy qurilish materiallari, mebel hamda ichki va tashqi bozorda xaridorgir boʻlgan boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Korxonalar tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida 21,4 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi, 51,1 ming dollar mahsulot eksport qilindi.
“Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida ham tadbirkorlar va xorijlik investorlar uchun qulay imkoniyatlar yaratilgan. Bu zonaning umumiy maydoni 709 gektarni tashkil etmoqda. Birinchi hududda faoliyat koʻrsatib turgan tadbirkorlik subyektlari, sanoat korxonalari joylashgan boʻlsa, ikkinchi hudud boʻsh turgan dasht yer-maydonlaridan iborat. Uchinchi hudud Qoʻqon shahri ichidagi mexanika hamda superfosfat zavodlari singari 4 korxona maydonida joylashgan.
– Bugungi kunda maʼmuriy kengash tomonidan maʼqullangan 74 loyihadan 30 loyiha ishga tushirilib, 48,5 million AQSH dollari qiymatida investitsiya kiritildi, – deydi “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi direktori oʻrinbosari Sohibjon Mamatov. – Buning natijasida 1 ming 620 ish oʻrni yaratildi. Xorijiy investorlarning 13 yirik loyihasini ham hayotga tatbiq etish ishlari boshlab yuborilgan. Tez kunlarda jami 200 million dollarlik investitsiyalarning oʻzlashtirilishi natijasida iqtisodiy zonada 10 ming ish oʻrni yaratiladi.
Tadbirkor Aziz Gʻaniyev dastavval uy sharoitida bejirim oyoq kiyimlar ishlab chiqarish bilan shugʻullangan. “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgach, ichki imkoniyatlari va kredit mablagʻlaridan foydalanib eksportga yoʻnaltirilgan poyabzal ishlab chiqarish korxonasini tashkil etdi. Yangi faoliyat boshlagan ushbu korxona joriy yil avgust oyining oʻzida 132 ming dollarlik mahsulot eksport qildi. Uning bu yutuqlarga erishishining asosiy omillari soliq, bojxona toʻlovlarida yaratilgan imtiyozlardir. Bu yerdagi “Shaffof omadli sanoat” Oʻzbekiston – Xitoy qoʻshma korxonasida asosan avtomobil gaz ballonlariga butlovchi qismlar, metan, propan ballonlari tayyorlanmoqda.
Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida mazkur iqtisodiy zonada 12 loyiha ishga tushirildi. Yangi ish boshlagan loyiha tashabbuskorlari tomonidan 470,1 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, 4 million 689 ming AQSH dollari miqdorida Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiziston Respublikalariga eksport qilindi. Yil oxiriga qadar bu yerda 6,3 million dollar miqdorida 9 loyiha ishga tushirilishi koʻzda tutilmoqda.