Ilmiy-tadqiqot sohasida hamkorlik rivojlanmoqda
Xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetining professor-o‘qituvchilaridan iborat delegatsiyasi ayni kunlarda Turkiyaning Anqara shahrida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Safar davomida o‘zbekistonlik delegatsiya a’zolari Anqara Yildirim Boyazid universitetiga tashrif buyurdi. Delegatsiya vakillari tashrif doirasida universitet rektori bilan uchrashib, ilmiy-tadqiqot sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
– Aytish joizki, Anqara Yildirim Boyazid universiteti Turkiyaning eng nufuzli oliygohlaridan biri bo‘lib, Anqara shahrida joylashgan. Universitetga 2011 yil 3 oktyabrda asos solingan, – deydi UrDU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zafar Ibragimov. – Anqara Yildirim Boyazid universiteti bilan Urganch davlat universiteti o‘rtasida 2024 yilning 27 sentyabr kuni Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiya - O‘zbekiston uchinchi ta’lim forumida ilk hamkorlik shartnomasi imzolangan edi. Bugun mazkur hamkorlikni yanada kengaytirish hamda ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha rivojlantirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, universitetlarning faoliyatiga doir videoroliklar namoyish etildi.
Uchrashuvdan so‘ng o‘zbekistonlik delegatsiya a’zolari uchun madaniy dastur tashkil etildi. Dastur davomida turkiyalik san’atkorlar hamkorligida o‘zbek milliy maqom san’atimizning go‘zal namunalari ijro etildi.
[gallery-22358]
Ta’kidlash joizki, Turkiyaga bo‘lgan mazkur safar nafaqat ikki oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, balki ikki qardosh xalq orasida do‘stlik rishtalarini ham mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri