Ilm, tafakkur va ma’naviyat uyg‘unligi
Andijon davlat texnika institutida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida ma’naviy-ma’rifiy va ijodiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Talaba yoshlarning ma’naviy-intellektual salohiyatini yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida o‘tkazilgan tadbirlarda institut professor-o‘qituvchilari, bir guruh ijodkorlar, talabalar ishtirok etdi.
“Ma’rifat ulashib” loyihasi tadbirlari ochilishiga bag‘ishlangan marosimda so‘z olgan Andijon davlat texnika instituti Yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Doniyorbek Sarimsoqov yurtimizda, xususan, institutida talaba yoshlarning tafakkur va ma’naviy dunyoqarashini boyitish, ularni kitobxonlikka keng jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini, ushbu jarayonda adabiyotshunoslar, ijodkorlar bilan o‘tkazilayotgan uchrashuv va muloqotlar muhim ahamiyat kasb etayotganligini ta’kidladi.
Tadbirda taniqli ijodkorlar Abdulla Sher, Abdunabi Boyqo‘ziyev hamda Fozil Farhod ishtirok etdi.


Ijodkorlar talaba-yoshlar bilan samimiy muloqot qilib, o‘zlarining hayot va ijod yo‘li, adabiyot olamidagi izlanishlari, asarlari hamda ijodkorlikning o‘ziga xos jihatlari haqida gapirdi. Ayniqsa, kitob mutolaasining inson tafakkuri va dunyoqarashini shakllanishidagi o‘rni, mustaqil fikrlash, ijodiy izlanish va o‘z ustida muntazam ishlash masalalari xususida alohida so‘z bordi.
Institutga tashrif buyurgan ijodkorlar “Yashil makon” loyihasi doirasida institut hududida manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish orqali yashil va obod muhit yaratishga o‘z hissalarini qo‘shdi.
“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbirda talaba-yoshlar taniqli adiblarning portretlarini chizish orqali o‘zlarining musavvirlik borasidagi iste’dod va mahoratlarini namoyish etdi. Jarayon davomida adiblar talabalar bilan bevosita muloqot qilib, ularga o‘zlarining taklif va tavsiyalarini berdi.


“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida turli intellektual tanlovlarda faol ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etgan bir guruh talaba-yoshlar institut rektorati tomonidan taqdirlandi. Shuningdek, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini yuksaltirish va kitobxonlikni targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ijodkorlar Abdulla Sher, Abdunabi Boyqo‘ziyev, Fozil Farhod hamda institutning bir guruh o‘qituvchi, xodim va talabalariga institut kasaba uyushma qo‘mitasining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri