Ilm o‘z sohibini qo‘riqlar ekan...
Farzandining yoshlik chog‘ini mazmunli, namunali va foydali ishlar bilan o‘tkazishga yordamchi bo‘lish har bir ota-onaning oldida turgan mas’uliyatli vazifalaridan biridir. Zero, aynan ilmga va uni o‘rganishga qaratilayotgan e’tibor o‘sha davlatning ertangi kunini belgilab beradi, jismonan sog‘lom va aqlan salohiyatli yoshlar o‘z yurtining qudrati va ravnaqiga zamin yaratadi.
Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi Abdulaziz O‘tkirov ham ko‘plab xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy konferensiyalar ishtirokchisi, tanlovlar g‘olibi bo‘lish bilan bir qatorda Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.
– Ilm cheksiz olam, tubsiz quduq. Uni to‘liq o‘zlashtirish uchun hatto umr ham kamlik qiladi, – deydi Abdulaziz O‘tkirov. – Ammo harakat baribir natijani ko‘rsatadi. Rossiya Federatsiyasining Penza shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada tarix yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rinni olishim o‘zim uchun ham kutilmagan muvaffaqiyat edi. Anglaganim shuki, ilm uchun sarflangan pul hech qachon zoye ketmas ekan. Yoshligimda ota-onam tomonidan bilim olishimda barcha imkoniyatlar taqdim etilgan.
Hamon yodimda. Endigina 7-sinfda o‘qib yurgan kezlarim tarix o‘qituvchimizni savollarga ko‘mib tashlardim. O‘qishim davomida fan olimpiadalarida muntazam ishtirokim mening mazkur fandan nazariy bilimlarim mustahkamlanib borishiga xizmat qilgan. Olimpiada ishtirokchisi mag‘lubiyatga uchrasa, uning oldida ikkita yo‘l bo‘lardi: biri chekinmasdan oldinga qarab harakatni davom ettirish, ikkinchisi shu fandan yuz o‘girish bo‘lgan.
Men bugun ancha-muncha natijalarga erishdim. Ammo bir narsani alohida ta’kidlashni xohlardimki, muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishimda mening ortimda qanaqadir kuchli shaxslar turmagan. Aksincha, o‘rgangan bilimlarim asqatgan. Xalqimiz orasida qiziq bir gap yuradi: agar uchta milliarder bilan yursang, to‘rtinchi milliarder sen bo‘lasan. Agar uchta dangasa bilan yursang, shubhasiz, to‘rtinchi dangasa sensan...
Tarix yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qildim. Bilasizmi, bugun ko‘pgina xorijliklar O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro kabi turistik shaharlari haqida yetarlicha ma’lumotlarga ega. Mamlakatimizning har bir hududi o‘z tarixiga ega. Yurtimizga kelayotgan turistlar nafaqat Samarqand, Buxoro, Xorazm, balki Sirdaryo, Nukus kabi shaharlarimizning ham qiziqarli tarixidan boxabar bo‘lishi lozim.
Talaba bo‘lish nazariyada olgan bilimlarimizni amaliyotda qo‘llab, yuksak marralarni zabt etishimizga xalal bermaydi. Ham o‘qib, ham izlanish, ham uni tajribada qo‘llash uchun bizda vaqt ham, imkoniyat ham yetarli. Ilm o‘z sohibini hamisha qo‘riqlar ekan...
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA