Ilm insonni yuksaklikka ko‘taradi
Ilm olish insondan juda katta mehnat, kuch, chidam, sabr, fidoyilik, vatanparvarlik talab qiladigan ulug‘ va sharafli ishdir. Bilimi va iste’dodi bilan yurtiga, xalqiga, Vataniga xizmat qilish har bir insonning nomini yuksaklikka ko‘taradi.
Darhaqiqat, shuндай insonlar borki, ular bilan muloqot qilish kishiga o‘zgacha quvonch baxsh etadi, qalblari boy, ko‘zlaridan doim yaxshilik nuri yog‘ilib turadi. Taniqli olim, pedagogika fanlari doktori, professor Baxtiyor Rahimov ana shunday zahmatkash ilm jonkuyarlaridan biridir. Olim o‘z umrini ilmga, yoshlar tarbiyasiga bag‘ishlagan. U Guliston davlat universitetida oddiy aspirantlikdan fan doktori, assistent o‘qituvchilikdan kafedra mudiri, professorlikkacha bo‘lgan bosqichlarni birma-bir bosib o‘tdi.

Baxtiyor Rahimov 1967 yilda Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida tug‘ilgan. 1992 yilda Rossiya Federatsiyasining Kirov nomidagi davlat pedagogika institutini tamomlagan. Pedagoglik faoliyatini 1993 yil Guliston davlat universitetining Pedagogika va psixologiya kafedrasida o‘qituvchilikdan boshlagan. Olim o‘tgan davr mobaynida ilm bilan shug‘ullandi, izlandi. 2005 yilda pedagogika fanlari nomzodi, 2008 yilda dotsent ilmiy unvonini, 2010 yilda pedagogika fanlari doktori va 2022 yilda professorlik ilmiy unvonini qo‘lga kiritdi.
Vatan va ilm-fan ravnaqiga ulkan hissa qo‘shayotgan olim 10 ta darslik, 24 ta o‘quv qo‘llanma 50 ta o‘quv uslubiy qo‘llanma, 11 ta monografiya, 200 dan ortiq ilmiy maqola va 300 dan ziyod xalqaro-respublika anjumanlarida tezislari chop etgan.
Til va jamiyat o‘zaro dialektik aloqada bo‘lib, ular biri ikkinchisini taqozo qiladi va biri ikkinchisisiz mavjud bo‘lmaydi. Jamiyatdagi har qanday o‘zgarishlar tilda o‘z aksini topadi. Ta’kidlash zarurki, jamiyat tilga qay darajada ta’sir ko‘rsatsa, til ham jamiyat haqida, uning madaniyati va qadriyatlari haqida shu darajada ma’lumot beradi, chunki u dunyoni bevosita emas, balki insonlar jamoasining sub’ektiv bilishi, idroki asosida aks ettiradi. Tildagi muttasil o‘zgarishlar shu til egalarining lisoniy madaniyatiga ham so‘zsiz ta’sir etadi. Shuning uchun globallashuv davrida milliy-madaniy o‘ziga xoslikni, milliy qadriyatlarni, shu jumladan, til sofligini saqlash, til egalarining lisoniy kompetensiyasini, muloqot madaniyatini rivojlantirish kabi masalalar kun tartibidagi asosiy masalalardan biriga aylandi. Buni teran anglagan Baxtiyor Rahimov o‘zining ilmiy qarashlari bilan talabalarning nutq madaniyatini rivojlantirib, pedagogik amaliy uslublar yaratdi.
Olim davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib keladi. Uning mehnatlari munosib baholanib, 2023 yilda yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qo‘shgan hissasi uchun “Jaloliddin Manguberdi” medali bilan taqdirlandi. Ustoz ayni paytda Guliston davlat universiteti Boshlang‘ich ta’lim uslubiyoti kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. U kishi ажойиб oila boshlig‘i, kamtarin inson, jonkuyar olim, murabbiylik mahorati va ilmiy ijodkorlik qobiliyati bilan respublikamiz ziyolilari orasida alohida hurmatga ega.
Odamiylik odobini o‘rgatgan ustoz haqiqiy ustozdir. Bu odobni u kishining oilasida ko‘rdim, havas qildim. Olim nafaqat ilm-fanda ilg‘or, balki oilaviy hayotda ham namunadir. Baxtiyor akaning umr yo‘ldoshi Dilbar opa alohida e’tirofga loyiq inson. Negaki, ba’zida ishdan ortmay ustozning uyiga borib yakshanba kunlari ishlashga to‘g‘ri kelardi. Xonadon sohibasi Dilbar opa hamisha samimiy va ochiq chehra bilan kutib oladi. Dilbar opadagi o‘zbekona lutf, odamoxunlikka har qanday kishining havasi keladi. U kishining umr yo‘ldoshiga qilayotgan xizmatlarini buyuk ibodat deb bilishi, hurmatimni ikki hissa oshirdi. Ahli oiladagi o‘zaro havas qilarli munosabatni ko‘rib, ustozimizning jamiyatdagi mavqeyi, shogirdlar orasida e’zoz topishi, hamkasblari o‘rtasida hurmat qozonishida xonadon osoyishtaligining ham alohida o‘rni borligiga ishonch hosil qildim.
Bu olamda yagona o‘lmaydigan narsa – ustoz yaratgan g‘oyalar, deb o‘ylayman. Inson ustoz bo‘lishdek saodatga erishishi uchun ko‘p murakkab yo‘llarni bosib o‘tishi, ancha to‘siqlarni ortda qoldirishi lozim. “Haqiqiy ustoz bo‘lishdan oldin, inson – odam bo‘lishi kerak. Olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin”, deydi ustoz Baxtiyor Rahimov. Ustoz ana shunday e’zoz-u e’tirofga munosib inson. Uning olim sifatida o‘zbek ilm yo‘liga qo‘shgan hissasi esa beqiyos.
Muxtasar qilib aytganda, Baxtiyor Rahimovning kelajakda amalga oshirishni rejalashtirgan ishlari, orzulari ko‘p, ammo maqsadi bitta – u ham bo‘lsa shu ulug‘ va muqaddas Ona Vatanga astoydil xizmat qilishdir.
Shohrux Qayumov,
Jizzax davlat pedagogika universiteti
doktoranti, pedagogika fanlari bo‘yicha
falsafa doktori (PhD) vazifasini
bajaruvchi dotsent