Ilm-fan va ishlab chiqarish hamkorligi
“Olmaliq KMK” AJ hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislar instituti” milliy tadqiqotlar universiteti o‘rtasida mutaxassis kadrlarni tayyorlash, “Ilmiy kengash” faoliyatini yo‘lga qo‘yishda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislar instituti” milliy tadqiqotlar universiteti professori A.Altiyev bugungi kunda Respublikamiz hududida bo‘lib o‘tayotgan tadqiqotlarni xalqaro darajaga olib chiqish, kadrlarning zamonaviy bilimga ega bo‘lishi, sanoat yerlarini soliqqa tortish tizimini tartibga solish bo‘yicha tegishli idoralarga takliflar berish, sanoat korxonalariga zarur bo‘lgan yangi xalqaro andozadagi yo‘nalishlarni aniqlash va shu yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini ta’minlash to‘g‘risida takliflar berdi.

– Sohada yuqori malakali va zamonaviy fikrlovchi oliy ma’lumotli kadrlarni xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq tayyorlashda talabalarni amaliyot bilan uzviy bog‘lash lozim, – dedi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori X.Saburov. – Sanoat korxonalarini yetuk kadrlar bilan ta’minlashda o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘shimchalar kiritish, professor o‘qituvchilar bilan stajirovkalar hamda talabalar uchun ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish, ishlab chiqarishda vujudga kelayotgan muammolarni ilmiy yondashuv asosida hal etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Davra suhbatida kombinat mutaxassislari bilan hamkorlikda oliy ta’lim muassasalarining ishlab chiqarishga tegishli ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv rejalari hamda o‘quv dasturlarini tuzish belgilab olindi. Shuningdek, OKMK tarkibiy bo‘linmalarida mavjud ilmiy muammolar bazasini yaratish, pirovard natijada professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar va magistratura mutaxassisliklarida magistrlik dissertatsiya ishlarini bajarishda mazkur bazadagi muammolar asosida amalga oshirishni joriy etish bo‘yicha mas’ullarga vazifa yuklatildi.

OKMK Fan va innovatsiyalar bo‘limi negizida oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini jalb etgan holda “Ilmiy kengash” nizomi ishlab chiqilib, 1 oy muddatda faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va ilmiy izlanuvchilarini ilmiy tadqiqot yo‘nalishlarida samarali mehnat qilishi, maqsadli ilmiy tadqiqot ishlarini o‘tkazish hamda ishlab chiqarish sohasidagi muammolarni birgalikda hal qilishi uchun shart-sharoit yaratib berilishi ham ta’kidlandi. Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari stajirovkalari hamda talabalarning ishlab chiqarish va diplom oldi o‘quv-amaliyotini kombinatda samarali tashkil etilishi, amaliyot o‘tash jarayonida salohiyatli talabalarni 3-,4-,5-mis boyitish fabrikalariga zarur kadrlar tayyorlash maqsadida ishga taklif qilish choralari ko‘rilishi belgilandi. Bundan tashqari, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislar instituti” milliy tadqiqotlar universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti bilan OKMK o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanishi qayd etildi.

Tadbir ishtirokchilari, professor-olimlar Qalmoqqir hamda Yoshlik-1 konida amalga oshirilayotgan ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishtirildi. Ma’lumot o‘rnida shuni aytish lozimki hozirgi kunda kombinatda 2 nafar fan doktori, 12 nafar PhD doktorlari va fan nomzodlari mehnat qilmoqda. Kombinat olimlari tomonidan o‘tgan davr mobaynida sof holatdagi palladiy va reniy metali olingan.
OKMK Axborot xizmati