Ilm-fan va amaliyot integratsiyasi
Toshkent shahridagi Inha universitetida “Kafolat” sug‘urta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Sug‘urta sohasi uchun mobil ilovalar yaratish» tanlovi yakunlari sarhisob qilindi.
Toshkent shahridagi Inha universitetida “Kafolat” sug‘urta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Sug‘urta sohasi uchun mobil ilovalar yaratish» tanlovi yakunlari sarhisob qilindi.Bugun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari iqtisodiyotning turli tarmoqlarini jadal sur’atlarda rivojlantirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va iste’molchilar uchun qulayliklar yaratishning amaliy mexanizmiga aylandi. Prezidentimiz Islom Karimovning 2014-yil 3-apreldagi Iqtisodiyotning real sektoriga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Bu jarayonda sug‘urta kompaniyalari ham faol ishtirok etmoqda. Masalan, “Kafolat” sug‘urta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati 14 turdagi onlayn xizmatlarni taklif qilmoqda.
Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sh.Shermatov va boshqalar mamlakatimizda sug‘urta xizmatlari tarmog‘ining jadal rivojlanayotgani samarasida sifatli dasturiy mahsulotlar yaratishga qodir malakali axborot texnologiyalari mutaxassislariga bo‘lgan talab oshib borayotganini ta’kidladi. Sug‘urta sohasi uchun mobil ilovalar yaratish bo‘yicha tanlov ushbu ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.
Tanlov 2015-yil dekabr oyining ikkinchi yarmida e’lon qilingan edi. Unda 13 jamoa ishtirok etdi. Birinchi bosqichda hakamlar hay’ati loyihalar konsepsiyasini baholadi. Natijada eng yaxshi 5 jamoa final bosqichiga yo‘l oldi. Finalda tayyor loyihalar taqdim etildi. Hakamlar hay’ati tomonidan Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari Nodirbek Xoliqulov, Rashid Tojiboyev va Qudratullo Ismatovlardan iborat jamoa g‘olib deb topildi.
– Ushbu tanlovda mobil ilovalar yaratish bilan birga, sug‘urta bozori va marketing xususida ham ko‘plab yangiliklardan xabardor bo‘ldik, – deydi N.Xoliqulov. – Mobil ilovamizda sug‘urta sohasidagi so‘nggi yangiliklarni kuzatish, buyurtmachi kompaniyalar tomonidan ko‘rsatiladigan sug‘urta xizmatlari haqida atroflicha ma’lumot olish, shuningdek, onlayn rejimida sug‘urta xizmatlaridan foydalanish mumkin.
Tanlov Toshkent shahridagi Inha universiteti qoshidagi Innovatsiyalar va sanoat kooperatsiyasi markazi, “Kafolat” sug‘urta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatining hamkorlikdagi birinchi loyihasidir. Ushbu markaz universitetning ilmiy-tadqiqot va innovatsion salohiyatini kengaytirish, talabalarning ilmiy ishlanma va mahsulotlarini tijoriylashtirish, ularning tadbirkorlik ko‘nikmasini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.
– Universitetda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi markaz rahbari Sanjar Saidxo‘jayev. – Ayni paytda mamlakatimiz va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlik samarasi hisoblangan mazkur tanlov talabalarimizga muayyan IT-loyihada o‘z kuchini sinab ko‘rish, mahsulotlarini xaridorga to‘g‘ri taqdim etishni o‘rganish imkonini berdi.
– Universitetda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi markaz rahbari Sanjar Saidxo‘jayev. – Ayni paytda mamlakatimiz va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlik samarasi hisoblangan mazkur tanlov talabalarimizga muayyan IT-loyihada o‘z kuchini sinab ko‘rish, mahsulotlarini xaridorga to‘g‘ri taqdim etishni o‘rganish imkonini berdi.
Tanlovning g‘olib va finalchilariga qimmatbaho sovg‘alar va “Kafolat” sug‘urta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatining sug‘urta polislari taqdim etildi.