Ilk marotaba murakkab jarrohlik amalga oshirildi
Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Krasnodar shahridan kelgan torakal va plastik jarrohlik sohasidagi yetuk mutaxassis Viktor Markushin ishtirokida noyob yuqori texnologik operatsiya amalga oshirildi.
Dastlab markazda davolanayotgan va ambulator murojaat qilgan bemorlar ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada ularga kerakli maslahat va tavsiyalar berildi.


– Ko‘krak qafasida tug‘ma voronkasimon deformatsiyalari bo‘lgan, noaniq etiologiyali chap tomonlama gidrotorakas bemorlar ko‘zdan kechirildi, –deydi Viktor Markushin. – Shu bilan birga chap tomon pastki bo‘lagi tug‘ma bronxoektazi bor bemorlarga aniq tavsiyalar berildi. Natijada ular markazga gospitalizatsiya qilindi. 45 yoshli bemorimiz surunkali yo‘tal, yiringli balg‘am, tez-tez shamollash sababli yilida 4-5 marotaba davolanib turardi.


Ushbu bemorda Buxoro viloyatida ilk marotaba chap tomonlama videotorokoskopiya, chap o‘pka pastki bo‘lagi lobektomiyasi operatsiyasi Viktor Markushin bilan birga vrach J.Ismatov tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri