Ikki yillik muammo 20 daqiqada hal bo‘ldi
Fuqaro Shaxnoza Sodiqova Rossiya davlatida tug‘ilgan tug‘ma nogironligi bor farzandi uchun nogironlik nafaqasini olish maqsadida pensiya jamg‘armasiga murojaat qiladi.
Biroq, pensiya jamg‘armasi bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi Rossiya davlati tomonidan berilganligi uchun elektron tizimga kiritilmaganligi va shu sababli nafaqa tayinlab bo‘lmasligini bildiradi. Shundan so‘ng, fuqaro Buxoro tumani davlat xizmatlari markaziga murojaat qilib mazkur masalada amaliy yordam so‘raydi. Markaz xodimlari bolani Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nafaqa to‘lash elektron tizimiga ro‘yxatga qo‘yib, fuqaro murojaatini ijobiy hal qildi.
– Dastlab pensiya jamg‘armasiga, keyin davlat xizmatlari markaziga borishim kerakligini aytishdi, – deydi Shahnoza Sodiqova. – Hammasi avvalgidek ekan, tashkilotma tashkilot yurib ancha sarson bo‘lsam kerak deb o‘ylagandim Lekin tumanimizdagi davlat xizmatlari markaziga borganimda, barchasi ko‘ngildagidek bo‘ldi. Xodimlar 20 daqiqa ichida ikki yillik murojaatimni hal qilib berdi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, 2021 yilda jismoniy va yuridik shaxslardan jami 228 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 151 tasi qanoatlantirilgan. 33 ta murojaatga huquqiy tushuntirish berilgan bo‘lsa, 30 tasi ko‘rib chiqish uchun taalluqliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborilgan. 6 ta murojjat ko‘rmasdan qoldirilgan. 7 ta murojaat hozirgi vaqtda o‘rganish jarayonida.
Har bir murojaat ortida inson manfaati yotadi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ezgu g‘oya asosida faoliyat olib borayotgan davlat xizmatlari markazlari bugun aholiga mamnuniyat va sharaf bilan xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA