Ijtimoiy xizmatlarda inson qadri bosh mezon
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hududdagi mahallalarda faoliyat yuritayotgan bir guruh ijtimoiy xodimlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Unda viloyat rahbari ijtimoiy xodimlar faoliyatiga alohida to‘xtalib, ularni bugungi davrning haqiqiy qahramonlari sifatida e’tirof etdi. Ta’kidlanganidek, ular har kuni insonlar dardi bilan yashab, muammolariga yechim topish yo‘lida fidokorona xizmat qilmoqda. Aynan shu jihat ularning mehnatini jamiyat uchun beqiyos va sharafli kasbga aylantiradi.

Mazkur uchrashuv joylarda olib borilayotgan ijtimoiy ishlar samaradorligini oshirish, aholi bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Muloqotda hozir mahalla tizimi davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangani, ayniqsa, aholi muammolarini o‘rganish va ularni hal etishda ijtimoiy xodimlarning o‘rni tobora ortib borayotgani aytildi.
Bugungi kunda viloyatdagi 883 ta mahallada ijtimoiy xodimlar faoliyat yuritmoqda. Bu esa aholi bilan manzilli ishlash, muammolarni bevosita joyida aniqlash va tezkor hal etish imkonini kengaytirib, ijtimoiy himoya tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Tadbirda ijtimoiy xodimlar o‘z faoliyatlari yuzasidan batafsil ma’lumot berib, ayniqsa, ehtiyojmand oilalar bilan ishlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy yordamlarni manzilli yetkazish, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, ular joylarda uchrayotgan ayrim tizimli muammolar, hamkor tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash zarurati kabi masalalar bilan ham murojaat qildi.
– Har bir eshik ortida bir inson taqdiri bor, – deydi Bo‘ka tumani Yangi hayot mahallasida kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Gulchehra Sulaymonova. – Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga ko‘maklashish, ular uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlarni o‘z vaqtida hamda to‘g‘ri yetkazish faoliyatimizning asosiy yo‘nalishi sanaladi. Bugungi muloqot jarayonida ushbu ishlarni yanada samarali tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab oldik. Viloyat hokimi tomonidan faxriy yorliqlar berilishi esa bizga katta motivatsiya bo‘ldi.

Viloyat hokimi har bir murojaat ortida inson taqdiri, oila dardi turganini alohida qayd etib, ijtimoiy xodimlardan fuqarolar bilan ishlashda yanada mas’uliyatli, sezgir va tashabbuskor bo‘lishni talab qildi. Ayniqsa, muammolarni ortga surmasdan, ularni joyida hal etish, aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash muhimligi aytildi.

Bundan tashqari, ijtimoiy himoya tizimini yanada takomillashtirish, raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirish, xizmatlar sifatini oshirish va ijtimoiy xodimlarning mehnatini rag‘batlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Tegishli mutasaddilarga muammolarni tizimli hal etish, ijtimoiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Yakunda esa bir guruh fidoyi ijtimoiy xodimlar mehnati alohida e’tirof etilib, ularga viloyat hokimi tomonidan faxriy yorliqlar topshirildi.
Bu kabi uchrashuvlar muntazam o‘tkazib borilishi, har bir hududdagi real holat chuqur o‘rganilishi mavjud muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etilishiga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA