Ijtimoiy sug‘urta tizimi va unga kiritilgan yangiliklar tushuntirildi
Guliston shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan yangi davlat ijtimoiy sug‘urta tizimi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish va davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun ijrosini ta’minlashga qaratildi.
Seminarda viloyat boshqarmasi xodimlari, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari mutaxassislari hamda mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida yangi tizimning asosiy jihatlari va ijtimoiy himoya sohasidagi o‘rni atroflicha tushuntirildi. Ta’kidlanishicha, endilikda nafaqalarni to‘lash majburiyati ish beruvchilar zimmasidan olinib, davlatning maxsus ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga o‘tkazildi. Bu esa to‘lovlarning kafolatlangan va barqaror mexanizm asosida amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Yangi tartibga ko‘ra, rasmiy ishlovchilar uchun majburiy ijtimoiy sug‘urta joriy etilgan. Shu bilan birga, yakka tartibdagi tadbirkorlar, o‘zini o‘zi band qilganlar hamda norasmiy sektor vakillari ixtiyoriy ravishda sug‘urta badallarini to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 1-yanvardan homiladorlik va tug‘ish nafaqalari Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali to‘lanadi. Joriy yil 1-iyuldan boshlab vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari ham shu tizim orqali amalga oshirilishi belgilangan. Kelgusida esa ishsizlik nafaqalarini ham bosqichma-bosqich ushbu tizimga o‘tkazish rejalashtirilgan.
Mutaxassislar fikricha, yangi tizimda nafaqa miqdori sug‘urta stajiga bog‘liq bo‘lib, o‘rtacha ish haqining 75 foizidan 100 foizigacha to‘lanadi. Bunda kamida 10 oylik sug‘urta staji talab etiladi.
Shuningdek, tizimda raqamlashtirish jarayonlariga alohida e’tibor qaratilgan. Endilikda nafaqalar fuqaroning murojaatisiz, elektron ma’lumotlar asosida avtomatik tarzda tayinlanadi hamda to‘lovlar “ijtimoiy karta” yoki bank kartalari orqali amalga oshiriladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar yangi tizim yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri