Ijtimoiy reyestrni yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvolfiq:
Ijtimoiy reyestrni yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga individual reja ishlab chiqish va uning ijrosini ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi nizolarni hal qilish bo‘yicha apellyatsiya kengashlari to‘g‘risidagi nizom;
“Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimidagi idoralararo elektron o‘zaro axborot almashinuvi doirasidagi ma’lumotlar ro‘yxati;
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga ko‘rsatiladigan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ro‘yxati;
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga ko‘rsatiladigan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari doirasida “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga “Raqamli hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etiladigan ma’lumotlar to‘plamlari ro‘yxati tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra:
a) 2026 yil 1 fevralga qadar:
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va ushbu reyestrga tushish xavfi bo‘lgan “yashil” toifadagi oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida avtomatik tarzda baholashdan o‘tkaziladi va Ijtimoiy reyestrga kiritish mezonlariga mos keladigan oilalar mazkur reyestrga qo‘shimcha ariza talab etmagan holda o‘tkaziladi;
bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlangan Ijtimoiy reyestrga o‘tkazilgan oilalarga mazkur to‘lovlarni to‘lash qo‘shimcha ariza talab etmagan holda ularning toifasiga muvofiq davom ettiriladi. Bunda Ijtimoiy reyestrning “kambag‘al oila” toifasiga o‘tkazilgan oilalar uchun mehnatga layoqatli oila a’zolarining rasmiy bandligini ta’minlash uchun belgilangan muddat ular ushbu reyestrga o‘tkazilgan sanadan boshlab hisoblanadi;
Ijtimoiy reyestrga o‘tkazilgan oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini qayta baholashdan o‘tkazish muddati ularga tegishlicha “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlangan yoxud Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan sanadan boshlab hisoblanadi;
b) “mahalla yettiligi” tomonidan tasdiqlangan individual rejalarga kiritilgan ijtimoiy xizmat, yordam va imtiyozlarni taqdim etish vazirlik va idoralar, ularning tizim tashkilotlari tomonidan ta’minlanadi hamda ularning natijasi bo‘yicha “YAMIX,” ATda tegishli axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali real vaqt rejimida ma’lumot almashish (ijro qadamlari va natijasini ko‘rish) imkoniyati yaratiladi;
v) Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga shakllantirilgan individual rejalarda belgilangan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarining ijrosi holati tuman (shahar) hokimlarining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlaridan biri sifatida inobatga olinadi;
g) Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan fuqarolarni Ijtimoiy reyestrga kiritish yoki chiqarish bilan bog‘liq jarayonlar natijalari yuzasidan ma’lumot berish ularning mobil telefon raqamlariga bepul qiqka SMS-xabarlar yuborish orqali amalga oshiriladi.
O‘zA