Ijro intizomi — adolat va ijtimoiy himoya kafolati
Majburiy ijro byurosining Sirdaryo viloyat boshqarmasida 2026-yilda amalga oshirilgan ishlar hamda ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda byuroning viloyat boshqarmasi mas’ul xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, ijro intizomini ta’minlash, aholi manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, 2026-yilning birinchi choragi davomida byuro tomonidan jami 97 mingta ijro hujjati bo‘yicha 1 trillion 238 milliard so‘mlik undiruvlar ta’minlangan. Bu ko‘rsatkichlar sohada tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgani, ijro intizomining izchil mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.
Aholining ijtimoiy himoyasiga qaratilgan ishlar doirasida voyaga yetmaganlar manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, bolalar foydasiga qariyb 18 milliard so‘m aliment mablag‘lari undirib berildi. Shu bilan birga, 685 ta oilada nizolar bartaraf etilib, yarashuvga erishilgani jamiyatda sog‘lom muhitni mustahkamlashga xizmat qilayotgan muhim natija sifatida qayd etildi.
[gallery-29088]
Aliment to‘lovchi qarzdorlarni ish bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan mehnat yarmarkalari orqali 246 nafar fuqaro doimiy ish joyiga ega bo‘ldi. Bu esa nafaqat qarzdorliklarni kamaytirish, balki aholi bandligini ta’minlashda ham muhim omil bo‘lmoqda.
Matbuot anjumanida mamlakatimiz Prezidenti farmonlari asosida amalga oshirilayotgan ijtimoiy dasturlar ijrosiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, davlat foydasiga undirilgan mablag‘lar hisobidan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga 25 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgani ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Iqtisodiy yo‘nalishdagi ijro ishlari ham salmoqli natijalarni bergan. Xususan, banklar foydasiga 34 milliard so‘m mablag‘ amalda undirilib, qarzdorlarga tegishli 78 milliard so‘mlik mol-mulklar ochiq auksion savdolariga chiqarilgan.
Shuningdek, kommunal xizmatlar sohasida ham qarzdorliklarni undirish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilgan. Elektr va gaz ta’minoti korxonalari foydasiga 7 milliard so‘m, “Suv ta’minoti” korxonasi foydasiga 1,6 milliard so‘m, boshqaruv servis kompaniyalari foydasiga esa 256 million so‘m qarzdorlik undirilgan.
Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash masalasi ham doimiy e’tibor markazida. O‘tgan davrda jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 2 284 ta murojaatdan 1 405 tasi qanoatlantirilgan, 656 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan. Eng muhimi, 1 249 nafar fuqaroning huquqlari tiklangani tizimning samaradorligini namoyon etmoqda.
Anjumanda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, joriy etilayotgan zamonaviy yondashuvlar va raqamlashtirish jarayonlari haqida ham ma’lumot berildi. Ta’kidlanishicha, ijro harakatlarini tezkor va shaffof amalga oshirish, inson omilini qisqartirish orqali samaradorlikni oshirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Tadbir yakunida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga mas’ullar batafsil javob qaytarib, aholini qiziqtirayotgan qator masalalarga oydinlik kiritdilar.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA