Ijodkorlar talabalar huzuriga bordi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulov va taniqli ijodkorlar Maqsud Jonixonov hamda Zuhro Eshonqulova ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Dastlab universitet talaba-yoshlari bilan uchrashuvda bugungi adabiy jarayon, kitobxonlik madaniyati va yoshlarning adabiyotga munosabati haqida so‘z yuritildi. Ijodkorlar o‘zlarining talabalik davrlari va badiiy asarlari haqida gapirib berdilar. Shuningdek, talabalarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

Mehmonlar o‘z dastxatlari tushirilgan asarlarini universitet kutubxonasiga hamda faol talaba-yoshlarga tuhfa qildi.
Shundan so‘ng tadbir qatnashchilari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida universitet hududida ko‘chat o‘tqazdi. O‘quv muassasasidagi “Besh muhim tashabbus” markazi qoshida tashkil etilgan “Zakovat” va “Bahs-munozara” klublari faoliyati bilan tanishib, talabalar birga intellektual o‘yinda ishtirok etdi.

– Men bir gapni o‘zimning nabiralarimga ham, boshqa yoshlarga ham ko‘p aytaman – sizlarning o‘qishingiz, puxta bilim olib yaxshi mutaxassis bo‘lishingiz uchun yaratilgan sharoit, imkoniyatlar biz uchun orzu bo‘lgan, shu jihatdan sizlarga havas qilaman, – dedi Mamatqul Hazratqulov. – Bu balandparvoz gap emas, haqiqat. Va bundan samarali foydalangan yigit-qizlarning qanday natijalarga erishayotgani ham barchangizga yaxshi ma’lum. Demoqchimanki, yoshlikning, talabalik davrining qadriga yeting, shu paytda o‘rganganingiz, egallagan bilimingiz sizga bir umr asqatadi.

Loyiha doirasida ijodkorlar universitet vakillari bilan birgalikda Jomboy tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilar bilan ijodiy uchrashuvlarda qatnashdi.

Yoshlar bilan suhbat talabalar turar joyida davom etdi. Poytaxtdan kelgan ijodkorlar talabalarning yashash sharoiti, orzu-intilishlari bilan qiziqib, ularga zarur tavsiya va maslahatlar berdilar. Kechki payt gulxan atrofidagi ijodiy uchrashuv va mushoira ham uzoq vaqt davom etdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari