Ijodiy ishlarning eng saralari tanlandi
Buxoroda “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari taqdirlandi.
Mustaqilligimizning o‘ttiz yilligiga bag‘ishlab “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida tashkil etilgan tanlovning viloyat bosqichi yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari, bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari, veb-saytlardagi internet-jurnalistika materiallari, televideniye va radio ijodkorlar materiallari, tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari, kino san’ati asarlari nominatsiyalari bo‘yicha o‘tkazildi.
–Tanlovda 34 ta ijodiy ish kelib tushdi, – deydi Jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Baxtiyor Asadov. – Shundan 18 tasi komissiya tomonidan saralab olindi. Tanlab olingan asarlarda istiqlol g‘oyalari, xalqimiz ma’naviyati, ong va tafakkuridagi o‘zgarishlar o‘ziga xos talqin etilganligi yanada ahamiyatlidir. Tanlov ishtirokchilari istiqlol xalqimiz uchun ulug‘ ne’mat ekanligini, mustaqillik yillarida yurtimizda, xususan, Buxoroda qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuqlarning mazmun-mohiyatini, bunyodkorlik ishlarini, boy tariximiz, xalqimizning urf-odatlari, milliy qadriyatlarini badiiy asarlar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalarining jurnalistik ijod namunalari, fotografiya, dizaynerlik ishlari hamda tasviriy san’at asarlari orqali ko‘rsatib berdi.
Tanlov yakunida barcha yo‘nalish bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA