Ijod va san’at haftaligi boshlandi
Sirdaryo viloyatida yoshlarning badiiy didini shakllantirish hamda milliy va zamonaviy san’atga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishga qaratilgan muhim madaniy loyihalardan biri — xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali doirasida “Ijod va san’at haftaligi” boshlandi. Tadbir Alisher Navoiy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida yuqori saviyada tashkil etildi.
Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston xalq rassomi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professori Rustam Hudoyberganov, O‘zbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasi tadqiqotchisi, Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi Javohir Niyozov, O‘zbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasining viloyat bo‘limi rahbari Anorqul Boybekov, Sirdaryo ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati direktori, miniatyurachi rassom Bahodir Bobonazarov, viloyat hokimligi mutasaddilari, shuningdek, madaniyat va san’at sohasi vakillari, ijodkor yoshlar, o‘quvchi-talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Marosimda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini izchil rivojlantirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Shu ma’noda, bu kabi festival va ijodiy maydonlar yoshlarning badiiy tafakkurini boyitish, ularni yangi ijodiy izlanishlarga rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
[gallery-28874]
Loyiha O‘zbekiston Badiiy akademiyasining keng qamrovli ma’rifiy tashabbuslaridan biri hisoblanadi. Muhimi, mazkur loyiha doirasida nafaqat ko‘rgazmalar, balki ilmiy-amaliy anjumanlar, seminarlar, mahorat darslari va ijodiy uchrashuvlar ham o‘tkaziladi. Ayniqsa, ochiq osmon ostida tashkil etiladigan mashg‘ulotlar rassomlar uchun yangi ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
– Haftalik davomida ustoz va yosh ijodkorlar o‘rtasida bevosita muloqot yo‘lga qo‘yiladi, – deydi Anorqul Boybekov. – Bu tajriba almashish, yangi g‘oyalarni shakllantirish va ijodiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Haftalik doirasida Sirdaryo ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida respublikadan tashrif buyurgan ijodkorlar ishtirokida mahorat darslari tashkil etildi. Unda rangtasvir, hunarmandchilik va haykaltaroshlik kabi san’at turlariga qiziquvchi yoshlar faol ishtirok etib, amaliy ko‘nikmalar bilan birga nazariy bilimlarini ham boyitish imkoniga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, yoshlar zamonaviy shart-sharoitlar, ijodiy muhit va o‘quv bazasi bilan tanishdilar. Bu esa ularning san’atga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish va iste’dodini ro‘yobga chiqarishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
– Festivalga sirdaryolik ijodkorlar tomonidan puxta tayyorgarlik ko‘rildi, – deydi miniatyurachi rassom Bahodir Bobonazarov. – Rejaga muvofiq, maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida ham ko‘rgazmalar va mahorat darslari tashkil etiladi. Bu orqali yangi iste’dodlarni kashf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qisqacha aytganda, “Ijod va san’at haftaligi” Sirdaryo viloyati madaniy hayotida muhim voqeaga aylanib, nafaqat san’at ixlosmandlarini birlashtirmoqda, balki yoshlarning estetik didi, ijodiy tafakkuri va ma’naviy kamolotiga xizmat qiluvchi samarali maydon sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Tadbir hafta so‘nggiga qadar davom etadi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA