Ijod maktablari uchun yangi darsliklar
Prezident ta’lim muassasalari tizimidagi ijod maktabi o‘qituvchilari uchun Respublika amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.
Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan ijod maktablari uchun ona tili va adabiyot fanlaridan takomillashtirilgan fan dasturlari va ular asosida ishlab chiqilgan adabiyot darsliklari nashr etilib, ijod maktablariga yetkazildi.
Prezidentimizning 2021 yil 9 iyuldagi “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirdi.
Joriy yilning 7-8-noyabr kunlari Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida yangi darsliklardan dars jarayonlarida samarali foydalanishni tashkil etish uchun respublika ijod maktablari tizimida faoliyat yuritayotgan ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilariga darslik mualliflari ishtirokida amaliy-seminar o‘tkazildi. Seminarda ijod maktablarida ona tili va adabiyot fanini o‘qitish metodikasi, agentlik tomonidan chop etilgan yangi darsliklar tahlil qilindi. Darsga innovatsion yondashuv masalalari muhokama etildi.
Seminarni Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Kenjayev ochib berdi.
[gallery-9482]
– Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablari uchun ona tili va adabiyot fanlaridan dunyo tajribasi va mahalliy tajribadan kelib chiqib ta’lim dasturlari ishlab chiqilgan, –dedi Agentlikning o‘quv jarayonini metodik ta’minlash bo‘limi mutaxassisi D.Norboyeva. – Ijod maktablari boshqa davlatlarda yo‘q. Yangi darsliklar nashr etilishidan asosiy maqsad ijod maktabidagi o‘quvchilarning ijodiy qobiliyatini yanada o‘stirishdir.
Darsliklar mualliflari bilan o‘tkazilgan uchrashuv o‘qituvchilar uchun juda samarali bo‘ldi. Mualliflar yangi darsliklar va ularni o‘qitish uslublari, darslikdan samarali foydalanish borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Seminar davomida Halima Xudoyberdiyeva maktabi o‘qituvchisi Sh.Qarshiyeva, Abdulla Oripov maktabi o‘qituvchisi D.Shodmonova, Abdulla Qodiriy maktabi o‘qituvchisi I.Jumaniyazova, Muhammad Yusuf maktabi o‘qituvchisi A.Sattorov,
Al-Xorazmiy maktabi o‘qituvchisi Sabohat Raimovalar tomonidan mahorat darslari o‘tildi.
Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablarining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari uchun tashkil etilgan Respublika amaliy seminari ijod maktablarida ona tili va adabiyot fanini o‘qitish metodikasini yanada takomillashtirish va o‘zaro tajriba almashishga xizmat qiladi.
Sh. Suyarov,
Sh. Ortiqboyev,(suratlar) O‘zA.