IIV tizimida “Namunali oila” tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi
15-may — Xalqaro oila kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi tizimida xizmat qilayotgan xodimlar o‘rtasida 2022-yildan buyon “Namunali oila” ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.
Mazkur tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad — oila muqaddasligini ulug‘lash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, ichki ishlar organlari xodimlari oilalari o‘rtasida sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash hamda ibratli oilalar tajribasini ommalashtirishdan iborat.

Jumladan, bu yil ham tanlovning respublika bosqichi Bo‘stonliq tumanidagi IIV “Oqtosh” oromgohida yuqori saviyada utkazildi. Tanlovning hududiy saralash bosqichlarida respublika bo‘ylab 300 dan ortiq oila ishtirok etdi. Saralash jarayonlari yakuniga ko‘ra eng munosib deb topilgan 19 ta oila respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Ko‘rik-tanlov ishtirokchilari “Tanishtirish”, “Bu mening oilam”, “Biz kitobxon oilamiz” kabi shartlar orqali o‘zlarining hayot tarzi, oilaviy an’analari, kitobxonlik madaniyati va ijodiy salohiyatini namoyon etdi. Milliy qo‘shiq, she’r, sahna ko‘rinishlari va raqslar tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, 1-o‘rinni katta serjant Roziqovlar oilasi (Navoiy viloyati), 2-o‘rinni mayor Abdullayevlar oilasi (IIV markaziy apparat), 3-o‘rinni mayor Jumaboyevlar (Transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti) oilasi egalladi.
Shuningdek, qator ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha ham taqdirlandi. Jumladan, “Zukko oila” — Toshkent viloyati IIBB katta serjant To‘xtasinovlar oilasi, “Faol oila” — Toshkent shahar IIBB mayor Roziqovlar oilasi, “Ibratli oila” — Andijon viloyati IIB kapitan Abbosxonovlar oilasi, “Ijodkor farzand” — Farg‘ona viloyati IIB mayor Asqarovlar oilasi, “Sportchi oila” — Jazoni ijro etish departamenti Baxriddinovlar oilasi munosib ko‘rildi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan oila - jamiyatning eng mustahkam poydevori ekanini, ayniqsa huquqni muhofaza qiluvchi tizim xodimlari uchun sog‘lom va ahil oila muhiti katta ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Aytish joizki, bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar xodimlar orasida nafaqat kasbiy, balki insoniy qadriyatlarni ham yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Zero, oila mustahkam bo‘lsa, jamiyat barqaror, kelajak esa ishonchli bo‘ladi.



Vazira G‘AFUROVA, O‘zA