iDNES: Chexiya – O‘zbekiston hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
So‘nggi yillarda tashqi iqtisodiy aloqalarni izchil kengaytirayotgan O‘zbekiston Yevropa davlatlari bilan ham amaliy hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitishga harakat qilmoqda. Ayniqsa, sanoat kooperatsiyasi, texnologiya almashinuvi va investitsiya jalb etishga qaratilgan tashabbuslar ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlariga aylanmoqda.
Chexiyaning “iDNES” nashrida e’lon qilingan maqolada ushbu mamlakat Bosh vaziri Andrey Babishning Markaziy Osiyo bo‘ylab safari doirasida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi alohida yoritilgan. Maqolada safar iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish va yangi bozorlarni o‘zlashtirishga qaratilgani ta’kidlangan.
Muallif qayd etishicha, yuqori darajali mulozimga sanoat va savdo sohasida faoliyat yurituvchi yirik biznes delegatsiyasi hamrohlik qilgan. Xususan, energetika, transport, mashinasozlik kabi muhim tarmoqlarga ixtisoslashgan yetakchi korxonalar ishtiroki mazkur tadbirlar ikki mamlakat amaliy hamkorligini kengaytirishga xizmat qilishi kutilyapti.
Shuningdek, Chexiya tomoni O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda istiqbolli va sig‘imi keng bozor sifatida baholayotgani, bu esa eksport salohiyatini oshirish va investitsiya loyihalarini ilgari surishda muhim omil ekaniga urg‘u berilgan.
Umuman, ushbu tashrif nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi munosabatni faollashtirish, balki Yevropa Ittifoqi bilan sheriklikni kengaytirishga qaratilgan strategik yondashuvning amaliy ifodasi sifatida baholanmoqda.
D.Hakimov, O‘zA