Ichki yo‘llar holati: sifat eng muhim omil
Andijon viloyatida keyingi to‘rt yilda 3 ming 116 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.
Andijon avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi tasarrufidagi Andijon mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi davlat unitar korxonasi tomonidan “Davlat dasturining hududlardagi ijrosi va ichki yo‘llarda olib borilayotgan ishlar” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu haqida ma’lumot berildi.
Kishilar hayoti, jamiyat va iqtisodiyot rivojida shubhasiz, ichki yo‘llarning holati, sifati muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki yo‘llarning qay darajada ekanligi kayfiyatimizga, ishlarimiz unumiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan hisoblanadi. Qolaversa, har bir hududning qiyofasiga ko‘rk bag‘ishlovchi jihat o‘sha go‘shaning yo‘llari hisoblanadi. Shu bois ham keyingi yillarda viloyatda ichki yo‘llarni ta’mirlash, holatini yaxshilash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ommaviy axborot vositalari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari, blogerlar ishtirok etgan tadbirda viloyatda ichki yo‘llarni ta’mirlash, holatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi rejalar haqida keng ma’lumotlar berildi.
– bugungi kunda Andijon viloyatida 10 ming kilometrdan ziyod ichki yo‘llar mavjud, – deydi Andijon mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi davlat unitar korxonasi rahbari Sherzodbek Turdiqulov. – Ichki yo‘llarni ta’mirlash borasidagi ishlar xajmi yildan-yilga ortib bormoqda. Bu boradagi ishlarni amalga oshirishda sifat masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Anjumanda 2021 yilda viloyat bo‘yicha 784 ta ko‘chada rejadagi 827 kilometr o‘rniga amalda 976,9 kilimetr uzunlikdagi ichki yo‘llarda ta’mirlash ishlari bajarildi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun 232,2 milliard so‘m miqdorida mablag‘ sarflandi. Bundan tashqari, viloyat hokimligi tashabbusi bilan og‘ir hudud hisoblangan mahallalardagi 600 kilometr tuproqli ichki yo‘llarga shag‘al yotqizilganligi qayd etildi.
Shuningdek, anjumanda “Ichki yo‘llarning holatidan aholining ko‘ngli to‘lyaptimi?”, degan savol doirasida taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Mutaxassislar tomonidan joriy yilda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari asosida hamda og‘ir hudud sifatida qayd etilgan mahallalarda 1 ming 200 kilometrga yaqin ichki yo‘llar ta’mirlanishi aytib o‘tildi. Ta’mirlash ishlarini amalga oshirishda sifatga, belgilangan me’yorlarga qat’iy amal qilinishi alohida ta’kidlandi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA