Ichki sug‘orish tizimi yaxshilanmoqda
Navoiy viloyatida shu kunlarda sug‘orish tizimi og‘ir bo‘lgan hududlarda aholi tomorqalari uchun quduq qazib, suv chiqarish ishlari boshlab yuborildi.
Tashabbus dastlab Karmana tumanidagi Kumushkon mahallasidan boshlandi.
Mahalla 2015 yilning oxirida tashkil etilgan bo‘lib, 1132 ta xonadonda 4023 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahallada yangi xonadonlarning yil sayin ko‘payib borishi natijasida tomorqalarni sug‘orish muammosi yuzaga kelgan edi. Mahalla ahlining viloyat hokimi sayyor qabullarida qilgan murojaati bugun o‘z yechimini topmoqda. Ayni paytda 5 ta tik quduq qazish ishlari boshlandi. Qazish xarajatlari Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan ajratiladigan subsidiya mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
-- Mahallamizda tomorqalarni sug‘orishda suv muammosi mavjud, -- deydi mahalla raisi Jamoliddin Boyxonov. -- Aholi garchi dehqonchilik mahsulotlari yetishtirishga qiziqsa-da, suv taqchilligi bois bu ishning uddasidan chiqishmas, hafsala qilib, turli ekinlar ekishsa, sug‘orish muammosi qiynar edi. Ayni paytda mahallada “Sayxunobod tajribasi”ni qo‘llash, har bir xonadonda tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Mazkur tashabbus natijasida mahallada istiqomat qiluvchi qariyb 350 nafarga yaqin aholining tomorqasini sug‘orish imkoniyati yaratiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri