Ichki audit xizmatlari muhokama qilindi
Poytaxtimizda Hisob palatasi hay’atining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat moliyaviy nazorati organlari va ichki audit xizmatlari faoliyatining byudjet qonunchiligi buzilishining oldini olish yuzasidan amalga oshirgan ishlari muhokama qilindi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining farmon va qarorlarida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, jumladan, ish haqi hisoblanishi, subsidiyalar manzilliligi va samaradorligi, davlat qarzi va grantlar hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar natijadorligi, qurilish ishlari va davlat xaridlari amalga oshirilishi ustidan nazoratni kuchaytirish masalalari xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
Joriy yil 1 yanvardan boshlab joriy etilgan “Davlat auditi” dasturiy kompleksi orqali tekshirishlarni o‘zaro muvofiqlashtirish natijasida 251 ta takroriy va asossiz nazorat tadbirlarining oldi olinganligi ma’lum qilindi.
Qayd etilganidek, masofaviy va onlayn nazoratning keng ko‘lamda qo‘llanilishi samarasiz nazorat tadbirlarini qisqartirdi. Bir vaqtda ularning sifatini oshirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, mamlakatimiz bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat tadbirlarining soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35 foizga kamayib, 3 ming 639 tani tashkil etdi.
Mamlakatimizda “Davlat auditi” dasturiy kompleksi ishga tushgani va uning vositasida erishilayotgan ijobiy natijalar haqida Yevropa Oliy audit organlari tashkiloti (YeVROSAI)ning Axborot texnologiyalari bo‘yicha maxsus byulleteni hamda Rossiya Hisob palatasining “Monitoring” nashrida qayd etilib, yuqori baholandi.
Shuningdek, hay’at yig‘ilishida sohada qator tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi keskin tanqid ostiga olindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA