Ichimlik suvi ta’minoti loyihalari nazoratda
Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Qibray va Toshkent tumanlaridagi ichimlik suv inshootlarining qurilishi, jumladan, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Xususan, Qibray tumanining “Uzumzor”, “Chinobod”, “Ilg‘or” MFYda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari ko‘zdan kechirildi. Bu ob’ektlar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi. Shundan so‘ng Toshkent tumanidagi “Keles” suv taqsimlash inshooti faoliyati misolida boshqa hududlarda ham ishlarni samarali tashkil etish, ijobiy tajribalarni o‘rganish xususida so‘z yuritildi.

– Xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan ajratilgan mablag‘lar havodan olingan, nazoratsiz pul emas. Asosiysi, qancha muzokaralar natijasida erishilgan kelishuvni o‘z vaqtida va yuqori saviyada amalga oshirish, ob’ektlarni belgilangan muddatlarda topshirish nihoyatda muhim. Hozir Osiyo taraqqiyot banki tomonidan Toshkent viloyati mahallalarini ichimlik va oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish loyihasi uchun jami 380 million dollar miqdoridagi mablag‘ yo‘naltirilgan. Ushbu loyiha natijasida, qariyb bir million nafarga yaqin aholining suv ta’minoti yaxshilanadi, – dedi Zoyir Mirzayev.


Hudud aholisi bilan uchrashda rejadan kechikayotgan ishlar uchun jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha fikr va takliflar aytildi. Mavzu yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilishda esa mazkur loyiha qamroviga kirgan shahar va tumanlar hokimlarining, boshqa tegishli mutasaddilarning axboroti eshitildi. “O‘zsuvta’minot” AJning boshqaruv raisi o‘rinbosari Nodir Xadjamov sohada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar haqida atroflicha to‘xtaldi.
Yig‘ilishda quruvchilar, investorlar, prokurorlar va boshqa mas’ullar ham ishtirok etdi.
A.Musayev,O‘zA.