Ichimlik suv ta’minotini yanada yaxshilanadi
Suvni hayotimiz manbai, obi hayot, deya ko‘p gapiramiz. Suv nafaqat insonlarga, balki barcha jonzotlarga berilgan ne’matlardan biri. Suvni tejab ishlatish esa har birimizning burchimiz.
Ammo bugun ko‘pchilik yurtdoshlarimiz suvni isrof qilayotgani, undan noto‘g‘ri foydalanayotganini ko‘ramiz. Uning qadrini esa suvga zor, suvsiz hududlarda yashayotgan odamlar yaxshi biladi. Ular suvning har tomchisini oltinga tenglashtiradi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, dunyo bo‘yicha suvga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Bu esa suvdan oqilona foydalanish, suv sarfini aniqlashni talab etadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, bugun sayyoramizning 2,2 milliard aholisi ichimlik suvi ta’minotining tanqisligi sharoitida yashamoqda. 2025 yilga borib esa Yer sharining yarmida odamlar ichimlik suvi bilan bog‘liq keskin muammolarga duch kelishi ehtimoli mavjud.
Navoiy viloyati aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, bu borada aniq manzilli ishlar olib borilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda viloyatda jami 56,6 milliard so‘m mablag‘ evaziga 332 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortilib, 18 dona inshoot qurilgan va rekonstruksiya qilingan. Natijada 45 ming 994 nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanib, 16 ming 415 nafar aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi va ta’minlanganlik darajasi 68,2 foizdan 76 foizga yetkazildi.
“Yuksalish” umummilliy harakatining Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi qoshidagi jamoatchilik guruhi a’zolari tomonidan aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, manzilli dasturlarning o‘z vaqtida sifatli ijro etilishi yuzasidan jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi.
– Joriy yilda viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suv ta’minotini yaxshilash maqsadida davlat dasturlari va boshqa manbalar hisobidan jami 200 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirilishi belgilangan bo‘lib, mazkur mablag‘larga 801,8 kilometr uzunlikdagi ichimlik suv quvurlarini tortish hamda 15 suv inshootlarida qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borish rejalashtirilgan, – deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi Ilhom Sattorov. – Ammo, bu boradagi ishlarni yetarli, deb bo‘lmaydi. Xususan, Xatirchi tumanining 38,5, Qiziltepa tumanining esa 60,4 foiz aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan xolos. Bundan tashqari, Karmana, Navbahor, Konimex tumanlarida belgilangan grafik asosida ichimlik suvi yetkazib berishda muammolarning mavjudligi aholi e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Ayni paytda ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida ichimlik suvi maxsus texnikalar yordamida yetkazib berilmoqda.
Joriy yil boshidan bugungi kunga qadar 430,3 kilometrdan ortiq yangi ichimlik suv quvurlari tortilgan bo‘lib, 14 kilometrga yaqin suv quvurlari ta’mirlandi. Shuningdek, 15 suv inshootlarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar yana 371,5 kilometr yangi ichimlik suv quvurlari tortilib, 15 suv inshootlaridagi qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetkaziladi.
Mazkur qurilish-ta’mirlash ishlari bilan 48 mahalladagi 56,3 ming nafardan ortiq aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 29 mahalladagi 74,4 ming nafar aholining ichimlik suvi ta’minoti yanada yaxshilanadi. Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi joriy 76 foizdan 81,5 foizga yetkaziladi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA