Ibrohim ota uyida ovoz berdi
Namangan viloyatida ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylov saylovchilarning faolligida davom etmoqda. Viloyat saylov komissiyasida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilinishicha, 22 dekabr kuni soat 11.00 ga qadar saylovchilar umumiy sonining 26,7 foizi ovoz berib bo‘ldi.
Namangan viloyatida ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylov saylovchilarning faolligida davom etmoqda. Viloyat saylov komissiyasida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilinishicha, 22 dekabr kuni soat 11.00 ga qadar saylovchilar umumiy sonining 26,7 foizi ovoz berib bo‘ldi.
Shu bilan birgalikda keksalar, nogironligi bor yoki bemor yurtdoshlarimizning saylov huquqlarini ta’minlash maqsadida ularning o‘z uylarida ovoz berishlarini tashkil qilish uchastka saylov komissiyalarining alohida e’tiborida turibdi.
Namangan tumanining Dehqonobod mahallasida 96 yoshdan oshgan Ibrohim ota Hojaev bir umr obodonlashtirish korxonasida el-yurt obodligi yo‘lidagi halol mehnati bilan hurmat-e’tibor qozongan insonlardan biri. Bundan tashqari bugungi kunda eng kenjasi 52 yoshni qarshilayotgan o‘n bir nafar farzandiga tarbiya berib, el koriga kamarbasta qilib qo‘ygani bilan havas va ibratga arzigulik. Zero, Ibrohim otaning O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan davlatimiz rahbari farmoniga muvofiq “El-yurt hurmati” ordeni bilan munosib taqdirlangani ham bejiz emas.
Hududdagi 72-umumta’lim maktabida tashkil etilgan 239-uchastka saylov komissiyasi a’zolari ko‘chma saylov qutisini olib Ibrohim otaning uyiga kirib borganida, otaxon “Saylovlar qutlug‘ bo‘lsin, bolalarim”, deya kutib olgani keksaligi va bir oz bemorligiga qaramay u kishining ruhiyati bardamligidan dalolat berdi.
Komissiya a’zolari, avvalo otadan hol-ahvol, duo so‘rab, so‘ngra maqsadga o‘tdi. Ibrohim ota komissiya a’zolari ko‘magida ro‘yxatdagi o‘zining ismi-sharifi to‘g‘risiga imzo chekib, o‘zi munosib deb bilgan nomzodni belgilagan saylov byulletenini ko‘chma qutiga tashladi.
– Yana o‘n olti nafar nuroniy, 14 nafar nogironligi bor va bemor saylovchilar huzuriga boramiz, – deydi 239-uchastka saylov komissiyasi raisi R.Ro‘zieva. – Uchastkamizda saylovchilar faol ovoz bermoqda. Ro‘yxatga olingan 1 ming 670 nafar saylovchining 70 foizga yaqini soat 11.00 gacha ovoz berib bo‘ldi.