“Ibratli harbiy oila” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
15-may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan Milliy gvardiya tizimida an’anaviy “Yangi O‘zbekistonning ibratli harbiylar oilasi” respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
“Mustahkam oila – jamiyat tayanchi” g‘oyasi asosida tashkil etilgan tanlovda hududiy bosqichlarda g‘olib bo‘lgan 18 ta harbiy oila ishtirok etdi. Uch kun davom etgan bellashuvlarda ishtirokchilar “Tanishtiruv”, “Oila mustahkamligi – yurt tinchligi”, “Quvnoq estafeta”, “Kamondan otish” va “Ingliz tili bilimdoni” shartlari bo‘yicha o‘z bilim va mahoratini namoyon qildi.

— Bunday tanlovlar harbiy oilalar o‘rtasida o‘zaro hurmat, ahillik va milliy qadriyatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, bu kabi ibratli oilalar yoshlar uchun haqiqiy namuna bo‘lib xizmat qiladi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining Strategik rejalashtirish bo‘yicha maslahatchisi Mavluda Nizomova.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, 1-o‘rin Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarma harbiy xizmatchisi, 3-darajali serjant Bobomurod To‘g‘alov oilasiga nasib etdi. G‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan Milliy gvardiya tizimida xizmat qilayotgan uchta namunaviy harbiy oila taqdirlandi.


Nigora Rahmonova, O‘zA