Hurmat, hamjihatlik va davomiylik timsoli
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri yoshlar, o‘rta va keksa avlod vakillarini bir davraga jamlab, ular o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlik, hurmat va qadriyatlar davomiyligini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Tumandagi 18-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hurmatli nuroniylar, turli soha vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i M.Umarov, “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi raisi T.Abdijabbarov, tuman bo‘limi raisi F.Ibadullayev hamda bir qator nuroniylar o‘zlarining boy hayotiy tajribalari, mehnatsevarlik, sabr-matonat va Vatanga sadoqat kabi ezgu fazilatlar haqida yoshlar bilan samimiy suhbat qurib, ularga ibrat bo‘ladigan fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Tadbirda mahalla hayotida faol ishtirok etib kelayotgan bir guruh nuroniylarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu esa ularga ko‘rsatilayotgan e’tibor va ehtiromning yana bir ifodasi bo‘ldi.
Bunday uchrashuvlar avlodlar o‘rtasida mustahkam rishtalar o‘rnatib, yoshlarning ma’naviy kamolotida muhim o‘rin egallaydi.
Dovud Abibullayev, O‘zA