Huquqiy aksiya o‘tkazildi
Joriy yilning 10 sentyabridan boshlab mamlakatimiz bo‘ylab ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan huquqiy aksiya o‘tkazilmoqda.
Adliya vazirligi, Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, mahalliy hokimliklar va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilayotgan aksiya doirasida mahallalarda sayyor qabullar tashkil etish, seminar-treninglar va huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning huquqiy muammolarini o‘rganish, tegishli tashkilotlarda monitoringlar o‘tkazish belgilangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi va O‘zbekiston Nogironlar jamiyatining Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan ham ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan aksiya o‘tkazildi.

Tadbir doirasida nogironligi bo‘lgan bolalar orasida “Inson qadri davlat himoyasida” nomli rangli rasm tanlovi, nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan qo‘l mehnati mahsulotlari yarmarkasi, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami uchun sayyor qabul tashkil etildi. Tanlov g‘oliblari va faol ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bunday aksiyalarni o‘tkazish ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining huquqiy savodxonligi oshirishga, ularning buzilgan huquqlarini tiklashga, bu boradagi qonunchilikka amaliy takliflar ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri