Hunarmandlar Xitoyda malaka oshirdi
Xitoy Xalq Respublikasida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 2026-yilgi xalqaro madaniy almashuv tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida rassomlar, “Hunarmand” uyushmasi vakillari, madaniyat sohasi mutaxassislari hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.
Dastur doirasida ijodiy uchrashuvlar, tajriba almashish, mahorat darslari va muzokaralar tashkil etildi. Faol ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Mamlakatimiz va Xitoy o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, san’at va hunarmandchilik yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Pekindagi “BBMG Group” ko‘p tarmoqli kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.

Tashrif davomida kompaniyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari hamda innovatsion loyihalari taqdim etildi. Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Sh️uningdek, delegatsiya a’zolari Ji Nan (Jinan) shahridagi sanoat turizmi yo‘nalishida faoliyat yurituvchi "World Group" kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif chog‘ida kompaniyaning ishlab chiqarish jarayonlari, sanoat turizmini tashkil etish tajribasi, tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda mazkur yo‘nalishni rivojlantirish borasidagi yondashuvlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Shu bilan birga, uchrashuv davomida hunarmandchilik va turizm sohalarida o‘zaro tajriba almashish, istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA