Hunarmandlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda
Mamlakatimizda hunarmandlarning faoliyati, muammolari va takliflarini joyiga chiqqan holda o‘rganish hamda ularni hal etish bo‘yicha amaliyot joriy qilinganini alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
Joriy yil 24 mart kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan hunarmandchilik sohasiga bag‘ishlangan onlayn video-selektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Unda Jizzax viloyatidan ham 20 nafar hunarmand ishtirok etib, video-selektor yig‘ilishida o‘z faoliyatlari davomida duch kelayotgan muammolar yuzasidan takliflarini bildirgandi.

Jumladan, soliq va huquqiy masalalar, savdo infratuzilmasi hamda marketing, eksport va xalqaro bozorga chiqish, ta’lim sohasi hamda muammolarni hal etish mexanizmlari kabi masalalarga doir takliflar aytilgandi.

Viloyat darajasida hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalar yuzasidan joyida choralar ko‘rildi.
Shuningdek, tadbirda hunarmandlarga tegishli huquqiy, marketing va eksport bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatish davom ettirilishi ham qayd etilib, bunday uchrashuvlar muntazam o‘tkazilib, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar tashkil etilishiga kelishib olindi.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berilib, hukumatimiz hunarmandchilikning rivojlanishi va ularning imkoniyatlarini kengaytirish uchun doimiy ravishda Savdo-sanoat palatasi, mahalliy hokimlik va mutasaddilarga amaliy yordam berib borishi qayd etildi.
Ana shu onlayn tarzda o‘tgan video-selektor yig‘ilishidan so‘ng Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi rahbari joylarga chiqib, hunarmand-ishbilarmonlar bilan uchrashdi.

Uchrashuvlar davomida tadbirkorlarning duch kelayotgan muammolari, taklif va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
– Ko‘p yillardan buyon yog‘och o‘ymakorligi va mebel ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib, sifatli yog‘ochlardan stol, stul, krovat va boshqa mebel mahsulotlari ishlab chiqaraman, – deydi hunarmand Bahodir Kamolov. – Taklifim: Jizzax shahrida hunarmandchilik markazi tashkil etilsa, ushbu markaz hunarmandlar uchun zamonaviy sharoit yaratib, ular tomonidan tayyorlangan mahsulotlarning ichki va tashqi bozorlarga chiqishiga ko‘mak bersa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.

– Milliy uslubdagi turli xil sumkalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanaman, – deydi hunarmand Dilnoza O‘ktamova. –Hunarmand o‘z brendini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida mulk tasdiqlash bilan bog‘liq to‘lovlar qisqartirilsa, bu hunarmandlar uchun katta qulaylik bo‘lardi.
Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi hunarmandlar va tadbirkorlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, muammolariga yechim topish va ularni davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar bilan tanishtirishda davom etmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari