Hunarmand asarlari ko‘rgazmasi
O‘zbekiston yog‘och o‘ymakorligining taniqli arboblaridan biri Qodirjon Haydarov edi. Usta qalb mehri, sehrli barmoqlari uyg‘unligida yaratgan yog‘ochdan yasalgan jihozlar bir qator davlatlar muzeylaridan joy olgan. Mana, yuz yildirki, Qodirjon Haydarov avlodlari bu noyob hunarni davom ettirib kelmoqda. Ularning oltinchi avlodi Mirzayunus Umarovdir.
Usta yoniga yosh shogirdlarini jamlab yog‘och o‘ymakorligining zamonaviylik bilan uyg‘unlashgan namunalarini ijod qilmoqda. Ular yasagan o‘ymakorlik namunalari Farg‘onaga kelayotgan sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otyapti.




Shu kunlarda usta Mirzayunus Umarov 70 yoshga to‘ldi. Shu munosabat bilan Qo‘qon shahridagi “Art rezidensiya” hunarmandlar majmuasida Mirzayunus Umarov asarlari qo‘yilgan “San’atga baxshida umr yoxud uzilmagan shajara” nomli ko‘rgazma ochildi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA muxbiri