"Humans" mobil ilovasi orqali olib borilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilgan
Markaziy bank 9 dekabr holatiga ko‘ra, "Humans" mobil ilovasi orqali “Octagram” AJ tomonidan olib borilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “Humans companies” AJ va “Octagram” AJ tashkilotlari o‘rtasida 2025 yil 10 aprel kuni 32-sonli shartnoma imzolangan. Unga muvofiq, "Humans" agent sifatida o‘z mijozlariga to‘lov xizmatlarini (to‘lov va P2P pul o‘tkazmalari) taqdim etishni boshlagan.
Shuningdek, 2025 yil 8 dekabr kuni, soat 08:30 atrofida Markaziy bankka fuqarolar tomonidan "Humans" ilovasi orqali mablag‘lar yechib olingani haqida murojaatlar kelib tushdi.
Ushbu holat yuzasidan Markaziy bank o‘z vakolatlari doirasida “Octagram” AJ (Paylov – savdo belgisi) bilan bog‘lanib, xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash va ehtimoliy zaifliklarni bartaraf etish maqsadida P2P amaliyotlarini to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
9 dekabr holatiga ko‘ra, "Humans" mobil ilovasi orqali “Octagram” AJ (Paylov – savdo belgisi) tomonidan olib borilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilgan.
Shu o‘rinda aytish joiz, Uzcard va Humo kartalari orqali amalga oshiriladigan to‘lov va o‘tkazmalar odatiy tartibda ishlamoqda. Shuningdek, kartalardan tashqari boshqa bank va to‘lov tashkilotlari ilovalarida foydalanish imkoniyati ham saqlanib qolgan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tezkor tekshiruv ishlari boshlangan bo‘lib, barcha shubhali tranzaksiyalar, texnik jarayonlar va platformalar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik to‘liq o‘rganilmoqda.
Regulyator kartadagi pullar yechib olinishi bo‘yichi tekshiruv ishlari boshlanganini, qo‘shimcha rasmiy axborot berilishini bildirdi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA