Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi aniqlanadi
“World Justice Project” xalqaro nohukumat tashkiloti e’lon qilgan 2019 yil yakunlari bo‘yicha 2020 yil uchun Huquq ustuvorligi indeksida O‘zbekiston Respublikasi maksimal 1 balldan 0,47 ball to‘plagan va 128 ta davlat ichida 92-o‘rinni egallagan.
Albatta, yildan-yilga bu kabi sohalarda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. bugungi kunda xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash borasida jiddiy islohotlarga kirishilgan.
Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini joriy etish muhim vazifa sifatida belgilangan. “O‘zbekiston Respublikasida huquq ustuvorligini ta’minlash holatini aniqlashning samarali mexanizmini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Farg‘onada qaror loyihasi mazmun-mohiyatini tushuntirish, huquq ustuvorligining ta’minlanganlik holatini reyting asosida baholash mezonlarini ijrochilarga yetkazish maqsadida Respublika idoralararo ishchi guruhning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Qaror loyihasida huquqiy sohadagi reytinglarda O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining huquq ustuvorligini ta’minlashdagi mas’uliyatini oshirish mexanizmini joriy etish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Statistika va so‘rovlar asosida hududlardagi huquq ustuvorligini 7 ta indikatorga birlashtirilgan 32 ta subindikator bo‘yicha reyting baholash tizimi joriy etiladi. Hududlardagi qonuniylikning haqiqiy ahvolini baholash ishlari “Huquq ustuvorligi” axborot tizimi orqali aniqlanadi.
Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari - respublika idoralararo ishchi guruh rahbari Robaxon Mahmudova, Adliya vazirligi huzuridagi huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori A’zam Madaminov, Bosh prokuratura bo‘lim boshlig‘i Tolibjon Umarov va boshqalar qaror loyihasidagi muhim jihatlar xususida so‘z yuritdi.
Yig‘ilishda qaror loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
M. Sulaymonov, O‘zA