Hududlar muloqoti islohotlar samarasiga xizmat qilmoqda
O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini takomillashtirish, ularning aholi manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Ana shunday amaliy hamkorlik namunasi sifatida Xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashi delegatsiyasining Jizzax viloyatiga ishchi safarini alohida ta’kidlash joiz.

Delegatsiyaga Andijon viloyat Kengashi raisi O‘ktamjon Axunov boshchilik qildi. Mehmonlarni Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev qabul qilib, o‘zaro ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuvda ikki hududda mahalliy Kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish, deputatlik nazoratini kuchaytirish va aholi bilan ishlash mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

E’tiborlisi, mazkur tajriba almashuv faqat rasmiy uchrashuvlar bilan cheklanib qolmayapti. Delegatsiya a’zolari joylarda bo‘lib, doimiy komissiyalar ishi, sessiyalarni tashkil etish amaliyoti, deputatlarning saylovchilar bilan muloqot usullari hamda “mahalla yettiligi” bilan hamkorlik mexanizmlarini bevosita o‘rganmoqda. Bu esa nazariy yondashuvdan ko‘ra amaliy tajribaning ustuvorligini ta’minlaydi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tizimida mahalliy Kengashlarning roli tobora ortib borayotganini inobatga olsak, bunday o‘zaro o‘rganishlar faqat tajriba almashish emas, balki yagona boshqaruv madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi. Zero, hududlardagi muammolarning tezkor va samarali hal etilishi ko‘p jihatdan deputatlarning tashabbuskorligi, bilim va amaliy ko‘nikmalariga bog‘liq.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Andijon va Jizzax o‘rtasidagi mazkur muloqotni oddiy tadbir sifatida emas, balki islohotlarning joylarda qanday “ishlayotgani”ni ko‘rsatuvchi amaliy maydon deb baholash mumkin. Bu kabi hamkorliklar hududlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirib, eng muhimi, aholi manfaatlariga xizmat qiladigan samarali yechimlarni ko‘paytirishga zamin yaratadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri