Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi
Farg‘ona shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida viloyat hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Unda tadbirkorlar, ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari, shuningdek, Qirg‘iz Respublikasidan mehmonlar ishtirok etdi.
Sanoat yarmarkasi ochilishida so‘z olganlar tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, sanoatni ham tarmoqlararo rivojlantirish, har bir tarmoqqa alohida qaror va imtiyoz, mablag‘lar ajratish, qolaversa, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, iqtisodiyot rivojining asosiy omili bo‘layotgani qayd etildi.
Shuningdek, qo‘shni Qirg‘izistondagi imkoniyatlardan foydalangan holda tadbirkorlar uchun manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, korxonalarning ishlab chiqarish salohiyatini yanada oshirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va mahalliy korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi aloqalarini yanada kengaytirishdan iborat ekanligi ta’kidlandi.
[gallery-17838]
Sanoat yarmarkasida ham o‘zaro manfaatli va foydali kelishuvlar bo‘lishiga, yangi loyihalar, g‘oyalar tug‘ilishiga tilak bildirildi.
Yarmarkada viloyatlardan tashrif buyurgan 200 dan ziyod to‘qimachilik va ipakni qayta ishlash, charm-poyabzal, mebelsozlik, neft va gaz sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarish, shuningdek, qurilish materiallari, kimyo sanoati, elektrotexnika, avtomobilsozlik korxonalari mahsulotlari hamda viloyatda ishlab chiqarilayotgan boshqa sanoat mahsulotlari namunalari bilan yaqindan tanishildi. O‘zlashtirilishi rejalashtirilayotgan, sanoat kooperatsiyasi orqali mahalliylashtirishga taklif qilinayotgan mahsulotlar hamda istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqildi.
Uchko‘prik tumanidagi Boboshbek yengil sanoat va logistika majmuasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Farg‘ona shahrida yaqinda ish boshlagan korxonaning zamonaviy eshik va romlari sifati hamda raqobatbardoshligi bilan xaridorgir bo‘lmoqda. Bu loyiha uchun 25 milliard so‘m mablag‘ sarf etilgan. Yarmarkada ana shu kabi korxonalarning yangi turdagi mahsulotlarini ishtirokchilar yuqori baholadi.
Ikki kun davom etgan yarmarkada hududiy korxonalar o‘z loyihalari taqdimotlarini o‘tkazib, iste’molchilarga yangi mahsulotlarini namoyish etdi.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov(surat),O‘zA muxbiri