Hududiy komissiya faoliyati muhokama qilindi
Sirdaryo viloyati hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurash, profilaktika tadbirlari hamda hududiy komissiyalar faoliyatini yanada samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Yig‘ilishda asosiy e’tibor formal hisobotlardan emas, aniq amaliy natija va samarali hamkorlikka qaratildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi ishchi guruhi a’zolari ham ishtirok etishdi.
Muhokama jarayonida hududiy va tuman komissiyalari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va samaradorligini oshirish, profilaktika tadbirlarini aniq reja asosida tashkil etish va ijrosini doimiy nazorat qilish, ta’lim va tibbiyot muassasalarida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish hamda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash, mutasaddilarning mas’uliyatini oshirish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, har bir hududda vaziyatga mos amaliy yondashuv ustuvor vazifa hisoblanadi. Faqat hisobot uchun hisobot emas, haqiqiy o‘zgarish va ijobiy natija berish muhimdir.


Yakunda barcha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi va ijro intizomi qat’iy nazoratga olinadigan bo‘ldi. Shu bilan birga, ishchi guruh va mahalliy hokimliklar profilaktika va targ‘ibot tadbirlarini samarali tashkil etish bo‘yicha hamkorlikdagi rejalarni ishlab chiqdi. Bu chora-tadbirlar yoshlar o‘rtasida giyohvandlikka qarshi tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish va viloyatda huquqbuzarlik holatlarini kamaytirishda qo‘l keladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri