Hudud mas’ullari yoshlar bilan uchrashdi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 13 aprel kuni yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarning munosib daromad olishi uchun ularga sharoit yaratib berish, “Yoshlar daftari”dagi yoshlar uchun ajratib berilgan kreditlardan to‘g‘ri foydalana olishlari, mustaqil ravishda tadbirkor bo‘lib, oyoqqa turishlarida amaliy ko‘mak berish masalalari alohida ta’kidlab o‘tildi.
Ushbu vazifalar ijrosi doirasida Namangan shahar 4-sektor rahbari A.G‘aybullayev tashabbusi bilan “Dashtbog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida “Yosh tadbirkor – davlatga ko‘makchi ” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Namangan shahridagi Xalq qabulxonasi mudiri Farhod Rahimboyev, aholi bandligiga ko‘maklashish markazi, bank tizimi vakillari, yoshlar hamda tadbirkorlik sub’ektlarining mas’ullari ishtirok etdi.
Uchrashuvda yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasidagi qator imkoniyatlar xususida yig‘ilganlarga tushuncha berildi.
Jumladan, joriy yilning 1 mayidan boshlab yoshlarni ishga qabul qilgan korxona va kompaniyalarga ushbu xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq qaytarib berilishi, 1 iyundan boshlab, “Yoshlar daftari”ga kirgan talabalar korxona va kompaniyalarda amaliyot o‘taganda ularga 500 ming so‘mgacha subsidiya ajratilishi, “Yoshlar daftari”ga kirgan kasb-hunar markazi bitiruvchilari 6 oygacha daromad solig‘i to‘lashdan ozod etilishi ta’kidlandi.
[gallery-2095]
– bugungi uchrashuvda o‘z biznesimni boshlash, yuritish uchun mutaxassislardan kerakli maslahatlar oldim, — deydi tadbir ishtirokchisi Shukurjon Jo‘raboyev.
– Tadbirkorlikni boshlashim uchun kredit mablag‘i masalasida sektor rahbari hamda bank vakillari ko‘mak berishini aytishdi. Albatta, bundan juda xursand bo‘ldim.
Tadbirda ishtirok etgan yakka tartibdagi tadbirkor Ahmadjon Shokirov, “Oydin” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Fashion” ishlab chiqarish korxonasi hamda “Namanganmash” aksiyadorlik jamiyati mas’ullari yoshlarga bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etdi.
Shuningdek, tadbirda yoshlar orasida tadbirkorlikka qiziquvchi fuqarolarga berilayotgan imkoniyatlar, yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari, “Yoshlar “1+1” dasturining ahamiyati, biznes g‘oyani amalga oshirish va ajratilayotgan subsidiyalarning yangi mexanizmi bo‘yicha “Master klass” o‘tkazilib, bu borada har bir ishtirokchida aniq maqsad, qat’iy harakat zarurligi tushuntirildi.
Yoshlar bilan uchrashuvdan so‘ng tadbir tashkilotchilari hududdagi muhtojlar holidan xabar oldi.
bugungi kunda soliq xizmati organlari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasiga biriktirilgan 4-sektorda kam ta’minlanganlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga yordam ko‘rsatish borasida tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Muborak Ramazon oyi munosabati bilan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Temir daftar”dagi 615 ta oilaning har biriga kundalik ehtiyoj uchun zarur mahsulotlar tarqatildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA