“Hosil bayrami”da soha xodimlari taqdirlandi (+video)
Qishloq xo‘jaligida mehnat qilib, yurtga risq ulashayotgan fidoiy insonlarni har qancha e’tirof qilsa arziydi. Kunu-tun harakat qilib, ulkan xirmon yaratayotgan dehqonlarimiz, fermer va klaster xo‘jaliklarining xodimlari kasb bayrami - Prezidentimizning 2017 yil 25 avgust kuni imzolagan “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi etib belgilangan.
Sana munosabati bilan ularni qutlashga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati a’zolari, Vazirlar Mahkamasi hamda mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik va xalqaro tashkilot vakillari, vazirlik, agrar soha fidoyilari tashrif buyurishdi.
Ushbu kasb egalari uchun tashkil qilingan “Hosil bayrami” tadbirida ular mehnatini yuzaga chiqaruvchi tabriklar yangradi.
Bayram tadbirida aytib o‘tilganidek, qishloq xo‘jaligi –yurtimizning strategik ustuvor sohasi bo‘lib, uning muvaffaqiyati, avvalo soha peshqadamlarining sabr-matonati, mas’uliyati va tirishqoq mehnatiga bog‘liqdir. Dehqonlar, fermerlar va agrar sohada xizmat qilayotgan barcha fidoyilar ona zaminga mehr bilan baraka urug‘ini qadaydi, har bir ishiga eng pok niyat bilan kirishadi, mehr va sadoqat bilan yondashadi. Ularning har bir tomchi peshona teri, har bir jasorati ortida yurtga bo‘lgan cheksiz muhabbat va sadoqat mujassamdir.
Kezi kelganda aytib o‘tish kerakki, qishloq xo‘jaligi xodimlari nafaqat yurtimizni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda, balki jamiyatda mehnati, madaniyati, fidoyilik va sabr-qanoati kabi fazilatlari bilan insoniylik qadriyatlarining targ‘ibotchilari ham hisoblanadi. Zero, erta bahordan har bir baraka urug‘ini yer bag‘riga ehtiyotkorlik bilan qadab, butun yoz davomida qilgan tinimsiz mehnatlarining samarasi mo‘l hosilni kech kuzda yig‘ishtirib olishlari e’tirofga loyiq. Bu orqali ular kelajak avlodning farovon hayoti uchun ham zamin yaratmoqdalar.
Bayram tadbiri doirasida bir guruh agrar soha rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda qishloq xo‘jaligi fidoyilariga O‘zbekiston Respublikasi “Qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/1wPKsLyo2RQ" title="“Hosil bayrami”da soha xodimlari taqdirlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA